20.02.2024
Odamlar tozalikka va umumiy qabul qilingan sanitariya meʼyorlariga rioya qila boshlagach, baʼzi eng ogʻir kasalliklar asta-sekin yoʻq boʻlib ketadi. Bunday kasalliklardan biri — ichterlama. Bundan bor-yoʻgʻi 60 yil oldin har yili minglab odamlar undan vafot etgan. Hozirgi vaqtda ichterlamadan oʻlim deyarli yoʻq, ammo mazkur kasallik eng qoloq mintaqalarda uchrab turadi. Ichak bakteriyalari oilasiga mansub tiffozi salmonellasi ichterlama qoʻzgʻatuvchisi hisoblanadi. U organizmdan ajralib chiqqan mahsulotlarga oʻrnashadi.
Bakteriyalar inson tanasiga tushgandan soʻng koʻpaymasligi ham mumkin. Bu kasallik bilan ogʻrib tuzalgan baʼzi odamlar surunkali bakteriya tashuvchilariga aylanadi. Ularning organizmi shunday xususiyatga egaki, kasallik belgilari boʻlmasa-da, ular doimiy ravishda bu kasallik qoʻzgʻatuvchisining tashuvchisi boʻladi. Ichterlama bilan bir bor ogʻrib tuzalgan kishi bir umrlik immunitetga ega boʻladi. Kasallik ifloslangan suv havzalarida choʻmilganda, sifatsiz, ayniqsa suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimidagi buzilishlar vaqtida ichimlik suvidan foydalanganda yuqishi mumkin. Shuningdek, uni kasal odam bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqa qilish orqali ham, u ishlatgan narsalar orqali ham yuqtirish mumkin.
Oziq-ovqat orqali yuqtirish ehtimoli ham mavjud. Kishi ichterlama bilan kasallanganida umumiy zaiflikni his qila boshlaydi, uyqusizlik, terlash paydo boʻladi. Ayrim bemorlarda kasallikning boshidayoq gangish, gallyutsinatsiya va alahsirashlar boshlanadi. Bir-ikki hafta davomida tana harorati yuqori boʻladi, keyin esa pasayishni boshlaydi. 30 kundan keyin harorat normallashadi. Kasallik paytida tanada toshma paydo boʻladi va odatda qorin terisida, kamdan kam koʻkrak va yelkalarda boʻladi. Hozirgi vaqtda suv va kanalizatsiyaga boʻlgan sanitariya talablari bilan ichterlama paydo boʻlishining oldi olinmoqda. Bundan tashqari, bakteriya tashuvchilar ovqatni qoʻli bilan olmasligi kerak. Kamida bir yil himoya qiladigan ichterlamaga qarshi vaksina mavjud. Kuchi bir necha yilga yetadigani ham bor.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.