20.02.2024
Inson kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroblarning hujumini qaytarish uchun koʻplab tabiiy qurollarga ega. Masalan, ovqat hazm qilish shirasi va qon koʻplab turdagi mikroblarni oʻldiradi. Ammo ayrimlari baribir tanaga kirib, kasallik yuqtiradi. Shundan soʻng mikroblarga qarshi “askarlar” jangga kiradi. Bular oqqon tanachalardir. Ular qon tomirlarining yupqa devorlari orqali oʻtib, butun tana boʻylab aylanib yurishi mumkin. Qondagi oq tanachalar hujum uchun bir joyda toʻplanib, mikroblar bilan oziqlanish orqali ularni yoʻq qiladi.
Ammo kasallik har doim ham mikroblarning toʻgʻridan toʻgʻri hujumi natijasida yuzaga kelmaydi. Mikroblar toksinlar deb ataladigan kimyoviy moddalar ishlab chiqaradi. Toksinlar organizmga zahar kabi taʼsir qiladi. Organizm bunga javob tariqasida yana ichki himoyasini ishga tushiradi. Toksinlar taʼsirida ayrim hujayralar ularni yoʻq qiladigan moddalar ishlab chiqara boshlaydi. Bu antitoksinlar deb ataladi. Agar antitoksinlar tezda, yetarli miqdorda va sifatda ishlab chiqarilsa, mikroblar chiqaradigan zahar zararsizlantiriladi va tana tuzaladi.
Muayyan toksinlarga qarshi tegishli antitoksinlar taʼsir qiladi. Toksinlar yoʻqolgandan keyin ham antitoksinlar birmuncha vaqt qonda qoladi. Kasallikning boshlanishi oʻrniga biz uning alomatlarini umuman koʻrmaymiz. Sababi shundaki, antitoksinga ega organizm endi kasallikka chidamli. Bu holatga orttirilgan immunitet deyiladi. “Orttirilgan”, chunki chidamlilik tanaga mikrob tushgandan keyin paydo boʻldi.
Aytaylik, tanaga mikroblar tushdi va toksinlar tarqala boshladi, ammo biz hali kasal emasmiz. Bu zaharlarning biron xil zarar yetkazishining oldini olish uchun qonimizda yetarli antitoksinlar mavjudligini anglatadi. Bu “tabiiy immunitet” deb ataladi. Biz qonning bu xususiyatini meros qilib olamiz. Agar kasallikning oldini olish uchun antitoksinlar paydo qilish maqsadida qonimizga oz miqdorda toksinlarni kiritsak, bu jarayon “sunʼiy immunitet” deb ataladi. Difteriya va terlamaga qarshi emlash amalga oshirilganida aynan shu immunitet paydo bo‘ladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.