20.02.2024
Atrofga qarab, bizdan bir xil masofada joylashgan obyektlarning oʻlchami har xil yoki biri ikkinchisining orqasida ekanini qanday bilamiz? Nega hamma narsani bir tekislikda korish oʻrniga boshqa narsalarga nisbatan, hozirgi holatida uch oʻlchamda koʻramiz?
Gap shundaki, obyektlarni koʻrganda ularni nafaqat koʻzimiz, balki ongimiz bilan ham “koʻramiz”. Obyektlarni orttirgan tajribamizga tayanib, miya koʻrgan narsalarimizni maʼlum bir tajribaga asoslanib, izohlashga yordam beradi. Agar miya biz koʻrgan narsalarni talqin qilish imkoniyatini beradigan tajribadan foydalana olmasa, biz butunlay sarosimaga tushishimiz mumkin edi. Masalan, tajriba bizga narsalarning oʻlchami haqida fikr beradi.
Sohildan uzoqroqgi qayiqda turgan odam qirgʻoqda turgan odamdan ancha kichik koʻrinadi. Ammo bir kishi juda katta, ikkinchisi esa juda kichik deb ayta olmaymiz. Biri yaqinda, ikkinchisi uzoqda deymiz. Miya yana qanday maʼlumotlardan foydalanadi? Ulardan biri perspektivadir. Bilasizmi, uzoqdan relslarga qarasangiz, ular birlashadi. Relslar orasidagi masofaning kengligini hisobga olgan holda, masofani baholay olamiz.
Tajriba yaqin joylashgan obyektlar aniq va ravshan, uzoqdagilar esa noaniq koʻrinishi haqida fikr beradi. Tajriba yordamida hatto soyalarni “oʻqishni” ham oʻrganishimiz mumkin. U obyektlarning shakli va oʻzaro aloqasi haqida tushuncha beradi. Koʻp hollarda bizga yaqin turgan obyektlar uzoqroqdagilarning biror qismini toʻsib qoladi. Shuning uchun uy yoki daraxt yaqinroq deb ayta olamiz. Bosh harakati daraxt yoki ustun bizdan uzoqroq ekanini aniqlashga yordam beradi.
Bir koʻzingizni yumib, boshingizni buring. Uzoqdagi obyekt sizga nisbatan bir tomonga, yaqini esa boshqa tomonga siljiydi. Hatto koʻzimizni fokuslab ham obyektlargacha boʻlgan masofani chamalashimiz mumkin. Avval yaqindagi, keyin esa uzoqdagi narsalarga qaraganimizda, koʻz zoʻriqishini his qilamiz. Oxir-oqibat, ikkala koʻzning oʻzaro almashinuvchi faoliyati jarayonida tajriba orttiriladi. Agar koʻzimizni bizga qarab harakat qilayotgan obyektga fokuslashga harakat qilsak, koʻz bir nuqtaga yaqinlashadi va mushaklari taranglashadi. Bu zoʻriqish masofa haqida tasavvur beradi. Masofaning yana bir koʻrsatkichi shundaki, har bir koʻz turlicha tasvirni koʻradi.
Tasvirdagi farq masofa haqida toʻgʻri tasavvurga ega boʻlishga yordam beradi. Bularning barchasi nega uch oʻlchamda koʻrish qobiliyati miyada saqlanib qolgan oʻtmishdagi tajribaga bogʻliqligini izohlaydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.