Nega ko‘zni pirpiratamiz?

Transport vositasini yomon ob-havo sharoitida boshqarganimizda oynatozalagichlarning samarali ishlashi juda muhimdir. Ammo hatto eng yaxshi avtomobil oynatozalagichlari ham koʻzga tabiat tomonidan berilgan “oynatozalagichlar” bilan bahslasha olmaydi. Koʻzni pirpiratganimizda yuqoriga va pastga harakatlanadigan qovoq aynan shu “oynatozalagich”dir.

Koʻz qovog‘i teri burmalaridan iborat boʻlib, maxsus mushaklar yordamida koʻtariladi va tushadi. Ammo ular shunchalik tez harakat qiladiki, hech qachon koʻrishga xalaqit bermaydi. Qiziqarli tafsilot — qovoq xuddi yoqilgan “oynatozalagich” kabi avtomatik ravishda ishlaydi. Biz koʻzni har 6 soniyada pirpiratamiz. Bu hayotimiz davomida qovoqni taxminan 250 million marta koʻtarib, tushirishimizni anglatadi. Nega koʻzni pirpiratishimiz biz uchun muhim? Bu qay tarzda koʻzni himoya qiladi?

Buning sabablaridan biri, kipriklarning mavjudligidir. Bu har bir koʻz qovogʻining yoqasida joylashgan kalta qillar. Ular koʻzga tushishi mumkin boʻlgan chang zarralarini ushlab qolish uchun moʻljallangan. Yomgʻir yoki chang boʻronida yurganimizda, koʻz qovogʻi avtomatik ravishda yopilib, kipriklar begona zarralarni chetga olib tashlaydi. Qoshlar ham yomgʻir tomchilari yoki terning koʻzga tushishining oldini oladi. Ammo koʻzlar pirpirashining asosiy foydasi — koʻzni avtomatik namlash. Har bir koʻz qovogʻi yoqasida 20—30 ta kichik bez qatori va kipriklar orasida ulardan chiqish joylari bor. Koʻz qovogʻi yopilganida bezlar sekretsiya chiqaradi. Bu ajralma koʻz, qovoq va kirpiklar yuzasini namlaganligi tufayli ular qurib ketmaydi.

Endi ikki ogʻiz koʻzning pirpirashi koʻzni qanday namlantirishi haqida. Har bir koʻzda suyuqlik — koʻz yosh saqlanadigan koʻz yoshi bezi bor. Koʻz pirpiraganda qovoq koʻz yoshi bezini ochadi va undan ozgina suyuqlik ajralib chiqadi. Bu koʻzni qurishdan himoya qiladi. Koʻzimiz har pirpiraganida, biz biroz “yigʻlaymiz” deb aytish mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!