20.02.2024
Uyqu paytida nimalar boʻlishini yaxshi bilamiz. Tana harakatsiz, ong esa oʻchgan boʻladi va biz atrofimizda sodir boʻlayotgan voqealarga munosabat bildirmaymiz. Shuningdek, uyqu vaqtida tanada nimalar sodir boʻlishini ham yaxshi bilamiz. Mushaklar boʻshashishi, baʼzi hayotiy aʼzolar faoliyati davom etishi, qon aylanishi, tana harorati va koʻplab boshqa aʼzolar bilan nima sodir boʻlishidan xabarimiz bor. Ammo uxlash istagi qanday paydo boʻladi?
Bu borada koʻplab nazariyalar mavjud va qaysi biri eng toʻgʻri ekanini tekshirishning imkoni yoʻq. Masalan, ilgari tanadagi qon hayot uchun muhim aʼzoga quyilganida yoki qochganida uxlab qolamiz deb hisoblangan. Hozir bunday oʻzgarishlar roʻy bermasligini bilganimiz tufayli bu nazariya bekor qilindi.
Notoʻgʻri boʻlib chiqqan yana bir nazariyaga koʻra, tanamizdagi nerv tizimida oʻtkazgich vazifasini bajaradigan nerv hujayralari zanjirining kuchsizlanishi natijasida uxlab qolamiz. Tanadan miyaga keladigan impulslarning toʻxtashi oqibatida inson uxlab qoladi degan taxmin ham notoʻgʻri boʻlib chiqdi. Hatto uyqu muayyan bir instinkt natijasi va bu ijobiy jarayon boʻlib, tana ixtiyoriy ravishda uyquga ketadi degan daʼvolar ham boʻlgan.
Shuningdek, uyqu bilan bogʻliq butun boshli kimyoviy nazariyalar guruhi mavjud. Ularning mohiyatiga koʻra, uyquga tananing tetikligi uchun zarur boʻlgan muayyan bir moddaning tugashi natijasida ketamiz va uyqu paytida bu modda zaxirasi toʻldiriladi. Boshqa bir nazariyaga koʻra, bedorlik paytida muayyan toksik modda toʻplanib, uyquni chaqiradi.
Shunday qilib, biz ishtirok etadigan eng oddiy va ayni paytda muhim hodisalardan birining siri hali ham ochilmagan. Har kecha koʻzimizni yumib, boshqa dunyoga — uyqu olamiga oʻtamiz. Uygʻonganimizda esa oʻzimizni sayohatdan qaytgandek his qilamiz, lekin biz bilan aslida nima sodir boʻlganini bilmaymiz.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.