Nega ayrim odamlarning ovozi yoqimli?

Gapirganingizda mahoratli musiqachi sifatida chiqish qilishingizni bilasizmi? Siz insonga maʼlum boʻlgan eng qiyin va murakkab musiqa asbobida ijro qilasiz. Buni esa yosh bolaligingizdan oʻrgangansiz.

Tovush paychalari ovozimizni hosil qiladigan “asbob”ning yagona qismi hisoblanadi va bu paychalarni boshqarish katta ahamiyatga ega. Tanamizdagi oʻn oltita, eng ingichka mushak tovush paychalarimizni boshqaradi. Ular 170 ga yaqin turli holatni egallashi mumkin. Bundan tashqari, faqat paychalar orqali oʻtadigan maʼlum miqdordagi havo ularning qatʼiy belgilangan tarzda tebranishiga olib keladi.

Agar tovush paychalari sekundiga 80 marta tebranadigan shaklda taranglashgan  boʻlsa, biz tovush sifatida qabul qiladigan havo tebranishi past ohangga ega boʻladi. Agar ular sekundiga 1000 marta tebransa, unda yuqori ohangli tovush eshitiladi. Ovoz balandligi tovush paychalarining uzunligi bilan belgilanadi.

Nutq apparati juda murakkab mexanizmdir. Bu devorlari suyak, mushak, shilliq parda va skripka dekasi (qopqogʻi) kabi aks-sado beradigan boʻshliqlardan iborat bir butun tizim. Bunday aks-sado beradigan boʻshliqlar — rezonatorlarga nafas olish halqumi, oʻpka, burun va nutq boʻshligʻi, burun tuynugi, koʻkrak qafasi kiradi. Ovoz diapazoni, sifati ularning shakli va hajmiga bogʻliq.

Chiroyli ovozli odamlarda rezonatorlar shunday shakllarga egaki, ularni faqat mukammal musiqa asboblari bilan qiyoslash mumkin. Lekin bu hammasi emas. Bundan tashqari, ushbu aks-sado beradigan boʻshliqlarni qanday boshqarishni ham bilish kerak. Xonanda qoʻshiq aytayotganda, oʻz diafragmasidan tortib peshonadagi boʻshliqqa qadar boʻlgan butun murakkab nutq apparatidan foydalanadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!