20.02.2024
Koʻpchilik dorini ogʻriq kamaytirish yoki uyquni chaqirish uchun qabul qilinadigan modda deb hisoblaydi. Odatda dori tarkibida juda koʻp turli xil moddalar boʻladi. Dori-darmonlarni tayyorlash va ular yordamida davolash qadim zamonlardan beri boʻlgan. Qadimda davolash huquqiga ega boʻlgan kohinlar oʻz dori-darmonlarini oʻsimliklardan tayyorlagan. Qadimgi yunonlar ham ming yil oldin dori tayyorlash uchun oʻsimliklardan foydalangan. Bugungi kunda ham dorilarning aksariyati oʻsimliklardan olinadi.
Morfiy va afyun (opiy) koʻknor shirasidan, operatsiyalarda ogʻriq qoldiruvchi vosita sifatida ishlatiladigan kokain koka oʻsimligidan, xinin xin daraxtining qobigʻidan olinadi. Kanakunjut yogʻi kanakunjut urugʻidan, biz foydalanadigan koʻplab dorilar esa minerallardan, masalan, tuz, bromid va fosfordan olinadi. Hayvonlarning aʼzolari ham odamlar uchun foydali dorivor moddalarni ishlab chiqarishidan xabaringiz bormi? Bularga qalqonsimon bez, buyrak usti, oshqozon osti bezlari kiradi.
Dorilarning yana bir guruhi — vaksina, toksin va antitoksinlar. Vaksina oʻlik yoki zaiflashtirilgan kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroblardan iborat. Ular tanaga yuborilgach, qonga tushib, kasallikdan himoya qiladigan antitanachalarni yaratadi. Toksinlar ham xuddi shu tarzda ishlaydi, ammo ular tarkibida kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroblar tomonidan ishlab chiqarilgan, faol boʻlmagan zaharlar mavjud. Antitoksinlar tarkibida katta miqdordagi antitanachalar boʻlib, ular tanaga yuborilganda uning infeksiyaga qarshiligini oshiradi. Ilm-fan rivojlanishi bilan inson sunʼiy dori-darmonlarni yarata oladigan boʻldi. Ular oʻsimlik yoki hayvonlar tomonidan emas, balki laboratoriyalarda, kimyoviy tadqiqotlar orqali yaratiladi.
Hozirgi vaqtda sunʼiy dorilar soni tobora koʻpayib bormoqda va ularni ishlab chiqarish arzonlashmoqda. Ehtimol, aspirin kabi sunʼiy dori hammaga yaxshi tanish boʻlsa kerak. Nisbatan yaqinda fan yana bir dori — antibiotiklarni kashf etdi. Bu kimyoviy moddalar mogʻor zamburugʻlaridan olinadi.
Antibiotiklar kasallik qoʻzgʻatuvchi koʻplab bakteriyalarning koʻpayishini toʻxtatish xususiyatiga ega. Ikkita eng mashhur antibiotik — penitsillin va streptomitsin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.