20.02.2024
Mormon — Oxirat kuni avliyolari xristianlik cherkovining aʼzosi. Bu dinni taʼriflash uchun ishlatiladigan mormonizm tushunchasi ushbu cherkovning muqaddas kitoblaridan biri boʻlgan — Mormon kitobidan olingan. Oxirat kuni avliyolari cherkovi rasman Fayestda (Nyu-York shahri) 1830-yil 6-aprelda Jozef Smit tomonidan tashkil etilgan. Smit va uning tarafdorlari taʼqib qilinganligi sababli baʼzilari gʻarbga Ogayoga, ayrimlari Missuriga, shuningdek, Illinoys shtatidagi Nouvo shahriga yoʻl olib, u yerda birinchi doimiy manzilgohlarini tashkil etgan.
1844-yilda cherkov asoschisi Jozef Smit va uning akasi Xayram Illinoys shtati Kartij shahri qamoqxonasida boʻlganida olomon tomonidan oʻldirilgan. Keyinchalik cherkov rahnamosi boʻlgan Brayam Yang va uning 15 mingga yaqin izdoshi 1846-yilda Qoyali togʻlarga yoʻl olib, u yerdagi birinchi oqtanli koʻchmanchilarga aylandi. 1847-yilning iyulida birinchi guruh hozirgi Yuta shtati joylashgan Solt Leyk vodiysiga yetib kelib, bu hududlarni oʻzlashtirishni boshlagan. Yuta mormon cherkovi poytaxtiga aylangan.
Mormon eʼtiqodining tamoyillari ularning eʼtiqod kodeksida ifoda etilgan. U oʻz Xudolariga va Iso Masihga eʼtiqodni, tavba qilish, suvga shoʻngʻish orqali gunohlardan forigʻ boʻlish, gunohlarning kechirilishi, odam begonalarning emas, faqat oʻz gunohlari uchun jazolanishini oʻz ichiga olgan. Agar Injilni oʻqib, unda buyurilgan amallarga rioya qilinsa, Iso Masih tomonidan gunohlar kechirilib, barcha odamlar qutqarilishi mumkin.
Mormonizmga koʻra, inson koinotda alohida oʻrin tutadi. Mormonlar insonning cheksiz imkoniyatlarga ega ekanligiga amin. Mormonlarda ushr tamoyili amal qiladi, yaʼni ularning barchasi oʻz daromadining 1/10 qismini cherkov faoliyati uchun ehson qiladi. Cherkov aʼzolari missionerlik faoliyatini ham amalga oshiradi, ammo oʻz mablagʻi hisobidan. Taxminan 2 ming nafar yoshlar doimiy ravishda bu ish bilan band.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.