Gippokrat kim?
Nima uchun aynan Gippokrat qasamyodi qabul qilinadi? Gippokrat kim?
2 min
Tarix

Koʻplab sogʻliqni saqlash muassasalari devorida ramkaga joylashtirilgan hujjat — Gippokrat qasamyodini koʻrishimiz mumkin. Bu institutni tugatgandan soʻng shifokorlar tomonidan qilinadigan qasamyod. Bu oʻzi qanday qasamyod va Gippokrat kim? Bizning davrimizdagi ilmiy tibbiyotga qadar butunlay sehrgar va tabiblarga bogʻliq boʻlgan davolash turi mavjud boʻlgan. Keyinchalik qadimgi Misr va Hindistonda ancha oqilona tibbiyot rivojlangan. Qadimgi misrliklar yaxshi tashxis qoʻyuvchilar boʻlgan. Ularning tibbiyot maktablari boʻlib, jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilgan. Ammo kasalliklarni davolash ibodat, afsun va qurbonliklar kabi elementlar bilan hali ham Misr dini qoʻlida boʻlgan. Ilmiy tibbiyot Yunonistonda ruhoniy boʻlmagan bir guruh odamlar shifokor boʻlganida paydo boʻlgan. Ulardan eng mashhuri, miloddan avvalgi 400-yillarda yashagan Gippokrat “tibbiyot otasi” deb hisoblanadi. U barcha xurofot, sehr va afsunlarni chetga surib qoʻyib, tibbiyotga ilmiy yondashgan. Gippokrat va uning shogirdlari oʻzi duch kelgan holatlarni puxtalik bilan qayd etgan.

Ularning baʼzi kuzatuvlari bugungi kunda ham toʻgʻri deb hisoblanadi: hech bir sababsiz charchash kasallikni anglatadi. Alahsirayotgan bemorni uyqu yengishi — yaxshi alomat. Agar besabab tananing istalgan qismida ogʻriq sezilsa — ruhiy faoliyatning buzilishidan darak. Gippokrat shifokor kim va u qanday boʻlishi kerakligi haqidagi oʻz gʻoyalariga ishonchi komil boʻlgan. Bu Gippokrat qasamyodida mujassam boʻlib, unda koʻp narsalar bilan bir qatorda quyidagi gʻoyalar mavjud:

“Men oʻz qobiliyatim va sogʻlom fikrlarimga tayangan holda, bemorlarga faqat foyda keltiradigan xatti-harakatlar tizimiga amal qilaman, barcha zararli va yomon narsalardan tiyilaman. Men hech qachon hech kimga, hatto so‘rasa ham, zaharli dori-darmonlarni bermayman, bunday maslahat ham bermayman… Kasbim bilan bogʻliq holda koʻrgan yoki eshitganlarimni, agar bu haqda ochiq gapirish mumkin boʻlmasa, bu inson hayotiga tegishli boʻlsa, men buni sir qolishi kerak deb hisoblayman va oshkor qilmayman”.

Gippokrat

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!