O‘rta asrlar: u haqida nimalarni bilamiz?
O'rta asrda dunyoda qanday o'zgarishlar kuzatilgan?
2 min
Tarix

Insoniyat tarixi olimlar tomonidan uchta katta guruhga boʻlingan — qadimgi dunyo, oʻrta asrlar va zamonaviy davr. Oʻrta asrlar Rimning qulashidan yangi davrgacha, yaʼni XV asrgacha boʻlgan vaqtni qamrab oladi. Bunday katta vaqt oraligʻi haqida gap ketganda, boshlanish va tugash sanalarini aniq aytish mushkul. Bir davr asta-sekin boshqasiga oʻtgan. Ammo oʻrta asrlarning boshlanishi oxirgi Rim imperatori taxtdan agʻdarilgan milodiy 476-yil deb hisoblanadi. Oxiri esa Turkiya sharqiy imperiyaning poytaxti — Konstantinopolni egallagan 1453-yil deb topilgan. Oʻrta asrlarda hayot qanday boʻlgan? Bu vaqtda qanday muhim voqealar roʻy bergan? Bu nasroniylikning Yevropadagi gʻalabali yurish davri edi.

Oʻrta asrlarda Yevropada feodal tuzum rivojlanib, keyinchalik tanazzulga yuz tutgan, zamonaviy millatlar shakllana boshlagan. Bu ritsarlar asri boʻlsa-da, shafqatsizlik “gullab-yashnagan”. Lordlar sharaf va ishonch haqida oʻz orzularida gapirsa-da, lekin qul va xizmatkorlariga nisbatan gʻayriinsoniy munosabatda boʻlgan. Bu insonlar qatʼiy eʼtiqodga ega boʻlgan vaqt edi. Boshqa hech qaysi davrda din bunchalik muhim ahamiyat kasb etmagan. Cherkov va davlat nafaqat bir-biriga bogʻlangan, balki koʻpincha cherkov davlatni ifodalagan. Biroq oʻrta asrlarning oxiriga kelib ruhoniylar din bilan bogʻliq boʻlmagan sohada oʻz kuchini yoʻqota boshlagan.

Zamonaviy savdo tarixi Hindiston va Xitoyga yangi savdo yoʻllari qidirilgan oʻrta asrlarga borib taqaladi. Bu davrda ilm-fan sezilarli darajada rivojlanmagan, yaratilgan adabiy asarlarning aksariyati ritsarlik va janglar bilan bogʻliq. Bu davr meʼmorchiligi vitraj oynalarga ega, gotika uslubidagi cherkovlar bilan ifodalanadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!