20.02.2024
Keling, demokratiya deganda nimani nazarda tutishimizni koʻrib chiqaylik. “Demokratiya” soʻzi yunon tilidan kelib chiqqan va “xalq hokimiyati” degan maʼnoni anglatadi. Bu soʻzni ishlatganimizda, odamlarning hukumat ishida ishtirok etib, uning faoliyatiga taʼsirini nazarda tutamiz. Siyosiy demokratiya ikkita asosiy shaklda paydo boʻlgan. Odamlar siyosatni muhokama qilish va uni amalga oshirish uchun amaldorlarni tanlash maqsadida yigʻiladigan hukumat. Bu toʻgʻridan toʻgʻri demokratiya deb atalgan. Odamlar xohish-istagi va niyatlarini hukumatda ifoda etish uchun oʻz vakilini tanlaganida, bu vakillik demokratiyasi boʻladi. Koʻp odam ishtirok etganda, katta oʻlchamdagi, toʻgʻridan toʻgʻri demokratiya imkonsiz va asosan demokratiyaning vakillik shakli qoʻllaniladi. Agar turli fuqarolik huquq va erkinliklari taʼminlanmasa, hech bir millat demokratik deb hisoblanmaydi. Bularga soʻz, harakat, birlashish, matbuot, din erkinligi va qonun oldida barchaning tengligi kiradi.
Siyosiy demokratiya erta tarixda paydo boʻlgan. Yunon shahar va davlatlarida, ayniqsa Afinada toʻgʻridan toʻgʻri demokratiya mavjud boʻlgan. Shunga qaramay, hatto Afinada ham fuqarolarning hukmron sinfi aholining faqat kichik bir qismini tashkil etgan. Koʻpchiligi ayollar va chet elliklar qatori ovoz berish huquqiga ega boʻlmagan, hech qanday lavozimni egallay olmaydigan qullar boʻlgan. Toʻgʻridan toʻgʻri demokratiya shakli qadimgi Afina davridan beri mavjud boʻlsa-da, bugungi kunda ham biz turli nuqtayi nazardan uning koʻplab kamchiliklarini topamiz.
Zamonaviy demokratiya oʻrta asrlar bilan koʻproq bogʻliq. Ijtimoiy shartnoma gʻoyasi oʻsha paytga toʻgʻri keladi. Bu nazariyaga koʻra, hukmdorlar va ularga itoat etuvchilar oʻrtasida har bir taraf tomonidan majburiyatlarning bajarilishini belgilaydigan shartnoma tuzilgan. Agar hukmdor shartlarni bajarmasa, odamlar unga berilgan hokimiyatni olish huquqiga ega boʻlgan. Zamonaviy vakillik demokratiyasi qirollarning ehtiyojlari tufayli feodalizm davrida paydo boʻlgan. Feodal monarxlar pul soʻrash uchun vakillar yigʻilishini chaqirgan. Agar ularning vakillari oldindan rozi boʻlsa, xalq yangi soliqlarning joriy etilishiga qarshi boʻlmasligini his qilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.