Fortepiano qachon paydo bo‘lgan?
Pianino qanday yaratilgan?
2 min
Tarix

Pianino organdan keyingi eng murakkab cholgʻu asbobidir. Aslida, uning haqiqiy nomi pianoforte boʻlib, “past va baland” degan maʼnolarni anglatadi. Bu nom pianinoning turli ohang va kuchdagi tovushlarni chiqarishi mumkinligidan kelib chiqadi. Pianino monoxord deb ataladigan juda oddiy asbobdan kelib chiqqan. U shkala boʻyicha intervallarga ega, bitta torli quti boʻlgan. Milodiy 1000-yil atrofida Gvido dʼAresso monoxord uchun harakatlanuvchi kashakni1 ixtiro qilib, unga klavish2 va torlarni qoʻshgan.

U yaratgan cholgʻu asbobi XVI asrgacha ishlatilgan. Keyinchalik u boshqacha shakl — klavikordga aylangan. Klavikordda tovush torlarning mis ignalar taʼsirida tebranishidan olingan. Spinet deb nomlanadigan cholgʻu asbobi yuqorida aytib oʻtilganlar bilan chambarchas bogʻliq. Bu choʻzinchoq shakldagi cholgʻu boʻlib, diapazoni 4 oktavaga ega asbobdir. Uning torlari chimdish yoki chertish bilan harakatga keltirilgan. XVII asrning taniqli cholgʻu asbobi klavesin deb nomlanadi. U klavikord va spinetdan kattaroq boʻlib, ikkita klaviaturaga ega. Shakli katta pianinoga oʻxshaydi. Uning torlari kichik patlar yordamida harakatga keltirilgan.

Bu asboblarni pianinodan ajratib turadigan farq bu — bolgʻachalar harakati. Bu narsani 1709-yilda Bartolomeo Kristofori ixtiro qilgan. Bolgʻachalar soddaroq cholgʻu asboblarida uchraydigan “tirnovchi tovush”dan xalos boʻlishga yordam bergan. Motsart va Betxoven davriga kelib, pianino mashhur cholgʻu asbobiga aylangan. Betxoven pianinodan eng koʻp ohanglar olgan birinchi bastakor boʻlgan: uning musiqasi fortepianoning pastroq, chuqurroq va kuchli tovushlarini talab qiladi.


[1] Kashak — biror narsaning ikki qismini bir-biriga tutashtiruvchi vosita, ulagich.
[2] Klavish — pianino, royal, bayan kabi cholgʻu asboblarining barmoq bilan bosiladigan tugmasi, plastinkasi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!