Renessans nima?
Renessans davri haqida ma'lumot.
2 min
Tarix

“Renessans” soʻzi nimani anglatishini bilasizmi? Bu “tiklanish” degan maʼnoni anglatadigan fransuzcha soʻzdir. Renessans Yevropada XIV—XVI asrlarda boʻlib oʻtgan Uygʻonish davridir. Uygʻonish davridan oldingi oʻrta asrlarda hayotdagi koʻp narsalar rad etilgan. Uygʻonish davrida esa taʼlim jonlangan, savdo, sanʼat, musiqa, adabiyot va fan rivojlangan. Uygʻonish davri Yevropaning butun turmush tarzini oʻzgartirgan. Bu vaqtgacha odamlar katta qoʻrgʻonlarda, pomestyelarda (pomeshchikning yer-mulki) yashagan. Shaharlar juda kam boʻlgan. Butun ijtimoiy hayot ritsarlar qalʼasida yoki yepiskoplar saroylarida jamlangan. Yevropa har biri shahzoda yoki knyazlar tomonidan boshqarilgan son-sanoqsiz kichik davlatlarga boʻlingan.

Uygʻonish davrida hayot butunlay oʻzgargan. Savdo, sanoat va tijoratning rivojlanishi bilan shaharlar tez oʻsa boshlagan. Boy savdogarlar katta eʼtibor qozongan. Koʻp sonli kichik davlatlar oʻrniga katta davlatlar paydo boʻlgan. Millatlar shakllanishi, odamlarning pul zarb qilishi boshlangan. Eʼtiqod shubha ostiga olingan. Odamlar oxiratdan koʻra dunyoda yuz berayotgan voqealarga koʻproq qiziqish bildira boshlagan. Rim katolik cherkovining negizlari va gʻoyalariga qarshi isyon koʻtarilgan, islohot harakati paydo boʻlib, bu protestant dinining oʻrnatilishiga olib kelgan.

Baʼzida Uygʻonish davrining paydo boʻlishi 1453-yilda Konstantinopolning turklar bosqini ostida qulashi yoki 1440-yilda bosma nashr ixtiro qilinishi bilan bogʻlansa ham, u toʻsatdan paydo boʻlmagan. Shunga qaramay, asrlar davomida Uygʻonish davrining paydo boʻlishiga imkon tugʻdirgan kuchlar oʻsib borgan. Uygʻonish davri oʻzining eng yuqori choʻqqisiga avval Italiyada erishgan va keyinchalik Yevropaning boshqa mamlakatlariga tarqalgan. Italiyada asarlari bugungi kunda ham bizni hayratda qoldiradigan, orasida Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo, Rafael, Botichelli, Chellini kabilar boʻlgan buyuk rassomlarning katta guruhi paydo boʻlgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!