20.02.2024
Havo shari — eng oddiy havo kemasi. Odatda u ichiga issiq havo, vodorod yoki geliy toʻldirilgan, qogʻoz, rezina, ipak yoki rezinalashtirilgan materialdan yasalgan, sharsimon yoki silindrsimon yengil “xalta”dan iborat. Sharga arqonlar yoki toʻr yordamida savat yoki yoʻlovchi, yuklarni tashiydigan gondola biriktirilishi mumkin. Shar havoda baliq suvda suzgani kabi “suzadi”. Ularning har biri atrofidagi suv yoki havodan oʻz massasidan kattaroq massani siqib chiqaradi.
Shar va uning jihozlari shar ichidan siqib chiqarilgan havodan kamroq ogʻirlikka ega boʻlganida, u koʻtarilishda davom etadi. Agar u oʻzini koʻtarayotgan gazning bir qismini yoʻqotsa va uning massasi oshsa, u pastga tusha boshlaydi. Koʻtaruvchi gaz sifatida issiq havo, vodorod yoki geliy ishlatiladi, chunki ularning barchasi oddiy atmosfera havosidan yengilroqdir. Erkin qoʻyib yuborilgan shar siqib chiqarilgan havoning ogʻirligi oʻziniki bilan tenglashganiga qadar koʻtariladi.
Parvoz balandligini oʻzgartirib, pastga tushish uchun uchuvchi koʻtaruvchi kuchlarni, koʻtarilish uchun esa ogʻirlikni kamaytirishi kerak. Pastga tushish uchun u sharning yuqori qismidagi klapan orqali gazning bir qismini chiqarishi kerak. Yuqoriga koʻtarilish uchun esa u yukning (ballast) bir qismini tashlab yuborishi kerak. Parvoz paytida na ballast, na gazni toʻldirish imkoni boʻlmagani sababli uchuvchining shar parvozini boshqarish imkoniyatlari juda cheklangani shubhasiz. Nari borsa, sharning kattaligiga qarab, u qisqa vaqtga faqat biroz tushishi va koʻtarilishi mumkin.
Yuqoriga koʻtarilgan shar butkul shamollar ixtiyoriga oʻtadi. Parvoz paytida sharni boshqarishning deyarli imkoni yoʻq. U faqat shamol yoʻnalishi boʻylab parvoz qilishi mumkin, shuning uchun u transport vositasi sifatida juda kam foyda keltiradi. Hozirgi paytda havo sharlari asosan atmosferaning yuqori qatlamini oʻrganish uchun ishlatiladi. Urush paytida ular havo kuzatuv punktlari sifatida ishlatilgan, shuningdek, shaharlarni bombardimonchi samolyotlar hujumidan himoya qilish uchun havo gʻovlari (havo toʻsiqlari kabi) sifatida foydalanilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.