Katakomba nima?
Katakombalar qanday qurilgan? Katakombalar haqida ma'lumot.
2 min
Bu nima?

Rim yaqinidagi birinchi nasroniy dafn etilgan yerosti sagʻanalari katakombalar deb atalgan. Imperator Neron ularni taʼqib qila boshlagach, nasroniylar diniy marosimlarni oʻtkazish uchun yerosti magʻoralarda yigʻila boshlagan. Bundan tashqari, bosqinga uchragan har bir fuqaro bu yerda jon saqlashi mumkin edi. Keyinchalik nasroniylar asosiy kirish joyini bekitib, yerosti galereyalarida bir-biridan bir necha mil masofada tarqoq joylashgan yashirin kirish yoʻllarini qurgan.

Aytishlaricha, agar Rim katakombalari bitta chiziqqa terilsa, uning uzunligi Italiya qirgʻoqlaridan ham uzun boʻladi. Imperator Konstantin davrida nasroniylarni taʼqib qilish toʻxtatilib, katakombalar ziyoratgohga aylangan. Gotlar 410-yilda Rimni zabt etib, talon-taroj qilganida oʻzini dushmanning kutilmagan hujumidan himoya qilish uchun katakombalarning kirish joyini berkitib tashlagan.

XII asrda yerosti magʻoralarining mavjudligi unutilgan. Ular shu qadar puxtalik bilan berkitilganki, faqatgina 1578-yilda tasodifan topilgan. Katakombalar qisman va 3—4 metr chuqurlikkacha qazilgan. Qazilgan joylarning kengligi ikki kishining oʻta olishini taʼminlagan. Zinapoyalar baʼzan 12 metr chuqurlikkacha olib borgan. Ayrim magʻoralar 2 yoki undan koʻp qavatga ega. Avliyo Sebastyan katakombasida ular hatto 4 ta. 

Yerosti galereyalari eng pastkilari turli yoʻnalishlarda tarqalib ketgan. Galereyalar devorida odatda toshplitalar bilan bekitiladigan dafn joylari qilingan. Hozirgi vaqtda bu tosh plitalarning aksariyati vayron boʻlgan va qadimgi sagʻanalarga tashrif buyuruvchilar inson suyaklaridan iborat uzun qatorlar orasidan yurishiga toʻgʻri keladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!