20.02.2024
Hech kim piramidalarning aniq yoshini bilmaydi. Masih tugʻilishidan ming yil oldin ham ular qadimiy va sirli edi. Giza shahridagi katta piramidaning barpo etilishi firʼavn Xeopsning 4-sulolasi davriga (miloddan avvalgi 2900-yil) toʻgʻri keladi. Piramidalar maqsadiga koʻra maqbaralardir.
Qadimgi Misr firʼavnlari kelajakdagi hayoti uning tanasi qanchalik yaxshi saqlanishiga bogʻliq deb hisoblagan. Shuning uchun oʻlimidan soʻng ularning jasadi balzamlanib, mumiyolar ulkan toshpalaxsalar ostidagi ichki yashirin xonalarga joylashtirilgan. Dafn joyini qaroqchilardan yashirish uchun hatto ichki yoʻlaklar ham toshlar bilan berkitilgan. Bunday ulkan inshootning qurilishi aql bovar qilmas muhandislik sanʼatining namoyishidir. Masalan, katta piramida qurilishida 100 ming qul taxminan 20 yil davomida ishlagan. Har bir tosh blokning balandligi 7, eni esa 5,5 metr boʻlgan.
Piramidalar qurilishida tosh konlaridan Nil daryosi boʻylab maxsus qayiqlarda olib kelingan ohaktosh va granit ishlatilgan. Buni bahorgi toshqin paytida faqat uch oy davomida qilish mumkin boʻlgan, yaʼni qurilish uchun zarur boʻlgan plitalarni olib kelish uchun 20 yil ichida 500 000 bor shunday qatnovni amalga oshirish kerak boʻlgan. Qayiqlardagi bloklar tosh yotqizilgan yoʻl orqali piramida bilan toʻgʻridan toʻgʻri bogʻlangan maxsus platformaga tushirilgan. Keyin har biri ikki tonnaga yaqin ogʻirlikdagi bloklar bir guruh qullar tomonidan maxsus chanalarga ortilgan. Shundan soʻng qullarning boshqa guruhi arqonlar yordamida tekis yoʻl boʻylab, ulkan toshni qurilish maydonchasiga sudrab borgan. Bu jarayon har bir tosh bloki bilan takrorlangan. Katta piramidada ularning jami soni taxminan 2 300 000 ta. Piramida yuksala borgan sari ulkan qiya yoʻl ham qurilgan. Ular orqali qullarning katta guruhi bloklarni yangi qurilish qavatiga olib borgan.
Piramidaning ulkan ohaktosh bloklaridan tashkil topgan har bir qatori bir-biriga zich terilgan. Bloklarning tekis yuzasi ularni sementdan ham mahkamroq biriktirgan. Piramida oʻrtasiga ishlov berilmagan bloklar joylashtirilgan, yuzaga yaqinlashgan sari ishlov berish sifati oshgan.
Nihoyat ohaktosh plitalarining old yuzasi shu qadar astoydil silliqlanganki, hatto ularning tutashgan joylari deyarli koʻrinmas boʻlgan. Qoida tariqasida piramida oʻtish joylari bilan bir-biriga bogʻlangan, 3 ta ichki xonaga ega boʻlgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.