20.02.2024
Qadimgi yunon tilidan “iyerogliflar” soʻzi soʻzma-soʻz “muqaddas oʻyma naqsh” deb tarjima qilingan. Aslida bu misrliklarning qadimiy yozuvi uchun aniq nom emas. Buning sababi shundaki, qadimgi yunonlar bu bitiklarni ilk bor koʻrganda ularni ruhoniylar tomonidan bitilgan muqaddas yozuvlar deb hisoblagan. Misr iyerogliflari aslida biz bilgan eng qadimgi yozuv tizimidir. Topilgan ayrim yozuvlar miloddan avvalgi 3000-yillarga toʻgʻri keladi va ular asosidagi qadimgi Misr yozma tili milodiy I asrgacha mavjud boʻlgan. Qadimgi misrliklar dastlab dunyoning barcha ibtidoiy xalqlari qoʻllagan tasviriy shaklga oʻxshash yoki piktografik yozuv deb ataladigan oddiy koʻrinishdan foydalangan. Iyerogliflar har biri haqiqiy jismoniy obyektni ifodalagan oddiy tasvirlardan iborat boʻlgan.
Quyosh disk shaklida, oy — yarimoy, suv — toʻlqinli chiziq, odam esa haykalcha shaklida va hokazo tasvirlangan. Biroq bu “kriptogrammalar” fikr, yorugʻlik, kun, tun kabi koʻzga koʻrinmas jarayonlarni tasvirlay olmagan. Shunday qilib, vaqt oʻtishi bilan iyerogliflar nafaqat obyektlar, balki tushunchalar ramziga ham aylangan. Disk nafaqat quyosh, balki kun tushunchasini, boshqa belgi esa burilish hamda yoʻnalishni oʻzgartirish degan maʼnolarni anglatishi mumkin boʻlgan. Ushbu fikriy belgilar ideogrammalar deb ataladi.
Iyerogliflar rivojlanishining keyingi bosqichi aslida mavjud boʻlgan narsalar oʻrniga tovushlarni aks ettirish uchun timsollarni tasvirlashdan iborat boʻlgan. Masalan, ingliz tilidagi bee — ari soʻzi nafaqat hasharotni, balki “Bi” (bee — bi:), a leaf — barg esa “lif” (li: f) tovushini ham anglatishi mumkin. Birgalikda ular belief — ishonch soʻzini anglatadi. Ovoz belgilari sifatida ishlatiladigan bunday iyerogliflarga fonogrammalar deyiladi.
Qadimgi misrliklar har qanday soʻzni rasm sifatida tasvirlash mumkin yoki yoʻqligidan qat’iy nazar yoza olgan. Bu fonogrammalardan bir qator belgilar paydo boʻlib, ularning har biri faqat bitta harfni ifodalagan. Yozish paytida misrliklar ohangdoshlikdan foydalangan. Masalan, inglizcha drink (ichmoq) soʻzi “drnk” deb yozilgan boʻlar edi (tabiiyki, qadimgi misrliklarning oʻz yozuv tilida). Bundan tashqari, misrliklar yozuvda eskirgan belgilar — ideogramma, fonogramma va piktogrammalardan foydalanishni saqlab qolgan. Vaqt oʻtishi bilan bu yozma tilni shunchalik qiyinlashtirganki, oddiy odamlar koʻpincha buni tushuna olmagan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.