20.02.2024
Gapirganingizdek tez yoza olasizmi? Katta ehtimol bilan, yoʻq. Ammo soʻzlarni talaffuz qilinish tartibida va tez surʼatda yozish zarurati koʻp tugʻiladi. Bu vazifaning bir yechimi — stenografik yozish.
Qisqacha aytganda, stenografiya — shartli belgilar yordamida tez yozish usuli. Unchalik ham soʻzlarga oʻxshamaydigan bu belgilar keyinchalik ushbu shartli belgilar tizimi bilan tanish boʻlgan shaxs tomonidan talqin qilinishi mumkin. Stenogrammada yozuvning aniqligi, taxografiya — tezligi, braxigrafiya — qisqaligi koʻzlanadi. Stenografiya zamonaviy ixtiro deb taxmin qilish mumkin, ammo aslida u 2 ming yil oldin yaratilgan.
Qadimgi Rim davrida maʼruzachilar (masalan, Seneka kabi) senatda katta nutq soʻzlagan. Ularni tez va aniq yozib olish kerak boʻlgan. Miloddan avvalgi 63-yilda rimlik Tiro nutqni yozib olish uchun qisqartmalar tizimini oʻylab topgan. Tizim shu qadar qulay boʻlganki, u rim maktablarida oʻqitilgan, imperatorlar tomonidan foydalanilgan va bir necha asrlar davomida saqlanib qolgan. Tizim soʻzlarning boshlangʻich harflari va qisqartmalardan foydalanishga asoslangan. Bu abbreviaturaning oʻziga xos turi. Unda faqat undosh tovushlar ishlatilgan. Belgilar shunday yozilganki, ular uch xil yoʻnalishni egallagan va unga koʻra undoshdan keyin qaysi unli kelishi aniq boʻlgan.
Zamonaviy stenografiya qirolicha Yelizaveta davrida Angliyada paydo boʻlgan. Bu tizimda har bir belgi 4 xil yoʻnalishda, 4 qiyalikda va boshlangʻich pozitsiyasi 12 turda yozilishi mumkin boʻlgan. 1837-yilda Isaak Pitman oʻzining tovushlarga asoslangan stenografiya tizimini joriy qilgan, yaʼni barcha soʻzlar talaffuziga emas, eshitilishiga koʻra yozilgan. 24 ta undoshni ifodalovchi 26 ta belgi hamda unlilarni yozish uchun nuqta, punktir, shtrixlar mavjud boʻlgan. 1888-yilda ingliz olimi Robert Gregg stenografiya tizimini bugungi kunda foydalaniladigan koʻrinishgacha takomillashtirgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.