Qadimgi davrlarda ham kutubxonalar bo‘lganmi?
Qadimgi davrning eng mashhur kutubxonasi Misrning Iskandariya shahrida to'plangan.
2 min
Tarix

Kutubxona — insoniyat tomonidan yozilgan hamma narsani birlashtirishga boʻlgan urinish. Bu yoʻnalishdagi birinchi harakatlar Iso Masih tugʻilishidan ancha oldin qilingan. Patriarx Avraamning shahri — Uradagi qazish ishlari vaqtida olimlar yozuvlar tushirilgan, loydan yasalgan taxtachalarni topgan. Ular miloddan avvalgi 800-yilga tegishli boʻlib, birinchi kutubxona deb hisoblanishi mumkin. Miloddan avvalgi 600-yilda Mesopotamiya aholisining ibodatxona va saroylarda yaxshi tashkil etilgan kutubxonalari boʻlgan. Ulardagi kitoblar loydan yasalgan taxtachalar edi. Minglab bunday taxtachalar mavzular boʻyicha ibodatxona va saroylarda toʻplangan. Ushbu toʻplamlar birinchi haqiqiy kutubxonalar boʻlgan. Misrliklarning ham kutubxonalari bor edi. Ular ibodatxonalarda tashkil etilib, saqlanishiga kohinlar javobgar boʻlgan. Kitoblar papirusdan yasalgan va oʻram shakliga keltirilgan.

Ammo qadimgi davrning eng mashhur kutubxonasi Misrning Iskandariya shahrida toʻplangan. U miloddan avvalgi 300-yilda tashkil etilgan. Bu barcha yunon adabiyotini toʻplashga qaratilgan birinchi urinish edi. Unda kamida 700 000 papirus oʻrami boʻlib, ular xuddi zamonaviy kutubxonalarda boʻlgani kabi kataloglarga kiritilgan va toʻliq tizimlashtirilgan. Rimliklar dastlab kutubxonalarga qiziqmagan. Biroq ular keyinchalik yunonlardan ilhomlanib, jamoat kutubxonalari tizimini yaratgan. Rimning boy fuqarolari odamlar uchun kutubxonalar tashkil etib, oʻzi uchun katta kolleksiyalar toʻplagan. Bu dastlabki Rim kutubxonalarining aksariyati forumlar oʻtkaziladigan joylar va jamoat hammomlarida joylashgan.

IV asrda Rimda 28 ta jamoat kutubxonasi mavjud boʻlgan. Ularning aksariyati yongʻin, talonchilik va namlikdan vayron boʻlgan yoki shimoldan varvarlar Rim imperiyasiga uyushtirgan hujumlari asnosida yoʻq qilingan. Zamonaviy koʻrinishdagi jamoat kutubxonalari XIX asrda Angliyada paydo boʻlgan. 1850-yilda Angliya parlamentining qarori bilan jamoat kutubxonalarini ochishga ruxsat berilgan. Albatta, bugungi kunda biz jamoat kutubxonalarini sivilizatsiyaning asosi deb bilamiz.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!