20.02.2024
Barcha ansambllar (birgalikda tomoshalar koʻrsatuvchi ijrochilar jamoasi) ni tinglashni yoqtiradi. Usiz bayram maromida oʻtmaydi. Ansamblsiz sirkni tasavvur qila olasizmi? Bugungi kunda u sport tadbirlariga ham hamrohlik qiladi. Tadbirlarda ijro qiladigan maktab ansambllari ham bor. Birinchi ansambllarning hozirgilarga oʻxshash tomonlari umuman boʻlmagan. Bir nechta sayoq musiqachilar goh u yer, goh bu yerda paydo boʻlib, keyin oʻz yoʻlida davom etgan. Shunga qaramay, XIII asrning oxiriga kelib, ushbu guruhlar kattalashib, shu qadar ommalashib ketganki, hatto maxsus uyushmalar tashkil etila boshlangan. Ular xuddi boshqa kasb egalari kabi gildiyalar tashkil qilgan. Bu gildiyalar qoida va qoʻllanmalar ishlab chiqib, ansambllarda ijro etgan musiqachilarning huquqlarini belgilab bergan. Oʻsha paytlarda har bir cherkovda puflab chalinadigan asboblar orkestri boʻlgan. Hech qaysi bir nikoh marosimi yoki bayram usiz oʻtkazilmagan.
Oxir-oqibat, Yevropadagi har bir shahar oʻz puflab chalinadigan asboblar orkestriga ega boʻlgan. Ular shu qadar mashhurlikka erishganki, hatto qoʻshinlar yurishiga hamroh boʻlib, joʻrlik qila boshlagan. Bu XVI asrda sodir boʻlgan va armiya bilan birga yurgan birinchi orkestr yollangan shahar aholisidan iborat boʻlgan. Keyinchalik polklar oʻz orkestrlarini tuzib, ularga sozandalarni jalb qila boshlagan. Hozirgi vaqtda AQSh armiyasining turli boʻlinmalariga tegishli orkestr va ansambllar juda mashhur. Bular misli yoʻq ajoyib musiqiy jamoalar. Orkestrlarga nafaqat harbiy tashkilotlar qiziqqan. Maktab va kollejlar ham ularni tashkillashtirgan. Vaqt oʻtishi bilan koʻplab maktab ansambllari professional darajadagi ijro mahoratiga erishgan.
Ansambllarning mashhur boʻlgan yana bir turi bu — konsert ansambli. Konsert ansambllari simfonik orkestr bilan bir xil tamoyil asosida yaratilgan. Odatda orkestrlarda torli cholgʻu asboblari yoʻq va ularning oʻrnini puflab chalinadigan yogʻoch asboblar egallaydi. Orkestrdagi har bir cholgʻu guruhining oʻz partiyasi bor, masalan, soprano, alt, past ovozli klarnet, saksofonlar va hokazo…
Bu ansambl ijrosiga rang-baranglik baxsh etadi. Bugungi kunda musiqiy asarlarning aksariyati konsert ansambllari uchun yozilmoqda. Millionlab odamlar bogʻ, konsert zali va paradlarda ularning ovozidan zavqlanadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.