Sirk qanday paydo bo‘lgan?
Sirk qanday paydo bo'lgan? Birinchi sirkni kim tashkil qilgan?
2 min
Tarix

Inson har doim uning vaqtini chogʻ qilishganini yoqtirgan. Sivilizatsiya paydo boʻlishi bilan odamlarni xursand qiladigan jonglyor, akrobat, hayvon oʻrgatuvchi va masxarabozlar ham boʻlgan. Qadimgi Yunonistonda aravalar poygasi, Xitoyda “ilon odam”, Misrda esa yovvoyi hayvonlarni oʻrgatuvchilar boʻlgan. Ammo bunday amallar va boshqa tomoshalarni sirkda birlashtirish gʻoyasi faqat Rimda tugʻilgan. Dastlab lotin tilidan kelib chiqqan “sirk” soʻzi har qanday tomoshadan koʻra koʻproq ot choptirishga aloqador boʻlgan. Shuning uchun sirk ot choptirish bilan boshlangan, rimliklar tomonidan bu tadbirlar uchun qurilgan inshoot esa “sirk” deb nomlangan.

“Maksimus” oʻsha davrdagi birinchi va eng katta sirk boʻlgan. U miloddan avvalgi III asrda paydo boʻlgan va keyinchalik kengaytirilgan: u oʻz bagʻriga 150 ming kishini sigʻdira olgan. Sirkga kelgan rimliklar xuddi hozirgi kundagidek oʻzini sehrli maydonchaga tushib qolgandek his qilgan. U yerda qandolatchilik, sharob va boshqa mahsulotlar sotilgan. Kirish bepul boʻlgan, chunki hukumat sirklardan odamlarni mamnun qilib, ularni chalgʻitish uchun foydalangan. Rimda har xil koʻngilochar tomoshalar mavjud boʻlib, ular keyinchalik tarkibiy qismlar sifatida sirk sanʼatiga kiritilgan. Baʼzi teatrlarda jonglyor, akrobat, dorboz va hayvon oʻrgatuvchilar boʻlgan. Ayrimlarida hatto bokslashadigan ayiqlar ham uchragan. Poyga paytida bir vaqtning oʻzida yugurayotgan ikkita otni boshqarish, bir otdan ikkinchisiga sakrash, ot ustida piramida qurish kabi, yaʼni zamonaviy sirkda koʻrishimiz mumkin boʻlgan tomoshalar tashkil etila boshlangan.

Oʻrta asrlarda hozirgidek uyushgan sirklar mavjud boʻlmagan. Artistlar truppasi shaharlarni kezib, turli xil tomoshalar namoyish etgan. Hozirda biz bilgan birinchi sirk 1768-yilda ingliz Filipp Estli tomonidan tashkil etilgan. U Londonda koʻplab joy va arenaga ega bino qurgan. U yerda ot choptirish, akrobat, masxaraboz, dorbozlar chiqishlari namoyish etilgan. Koʻpchilik bu gʻoya bilan qiziqib qolgan va sirklar butun dunyo boʻylab mashhur tomoshaga aylangan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!