Qo‘g‘irchoqlar spektakli qanday paydo bo‘lgan?
Qo'g'irchoqlar spektakli qanday paydo bo'lgan?
2 min
Tarix

Qoʻlqop, qamishdan yasalgan va soyalar teatri qoʻgʻirchoqlari, marionetkalar — qoʻgʻirchoqlarning juda koʻp turi borligini hammamiz yaxshi bilamiz. Bular yuqoridan arqonlar yoki simlar, pastdan tayoq yoki qoʻllar yordamida boshqariladigan kichik figuralardir. Qoʻgʻirchoqlar teatrning oʻzi kabi qadimiydir. Birinchi qoʻgʻirchoqlar katta ehtimol bilan Hindiston yoki Misrda yasalgan. Ming yil oldingi qoʻgʻirchoq teatrlari bu ikkala mamlakatda ham topilgan. Marionetkalar, yaʼni yuqoridan iplar bilan boshqariladigan qoʻgʻirchoqlarning nomi Italiyadan kelib chiqqan.

Ilk nasroniy bayramlar uchun Iso Masihning tugʻilish syujeti bilan birlashtirilgan kichik figuralar, jumladan, “chaqaloq Iso Masih”, “muqaddas Deva Mariya” yaratilgan va ular iplar bilan harakatga keltirilgan. Bu turdagi qoʻgʻirchoqlar “marionetka”, yaʼni “kichik Mariya” deb atalgan. Xitoy, Yaponiya va Yavada qoʻgʻirchoq tomoshalari uchun afsona va ertak qahramonlari, maʼbudlar, hayvonlarni ifodalash uchun figuralar yaratilgan. Yava, Tailand va Yunonistonda soya teatrlari paydo boʻlgan. U orqa tomondan yoritiladigan yassi figuralarning soyasini vertikal ekranga tushirish prinsipi asosida ishlagan. Motsart, Gaydn, Glyuk kabi buyuk bastakorlar qoʻgʻirchoq teatrlari uchun maxsus operalar yozganini bilarmidingiz?

Bolalarning eng sevimli ertaklaridan biri, Pinokkioning sarguzashtlari — hayotga kirib kelgan qoʻgʻirchoq haqida hikoya qiladi. Koʻpgina mamlakatlarda shunga oʻxshash taniqli qahramon mavjud. U Angliyada “Panch”, Italiyada “Pulchinello”, Fransiyada “Polishinel” nomi bilan tanilgan. Qoʻgʻirchoqlar kerakli har qanday oʻlchamlarda boʻlishi mumkin. Hajmi atigi 15 santimetrlik yoki 9—12 metrga yetadigan qoʻgʻirchoqlar ham bor. Bundan tashqari, yaxshi “aktyor” boʻla oladigan hayvon qoʻgʻirchoqlarini ham yasash mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!