Olimpiya o‘yinlari qachon boshlangan?
Olimpiya o'yinlari haqida ma'lumot.
2 min
Tarix

Sportchi erishishi mumkin boʻlgan eng katta yutuq — Olimpiya oʻyinlarining oltin medali. Olimpiya oʻyinlarini oʻtkazish gʻoyasi 2500 yil oldin paydo boʻlganini bilasizmi? Yunon afsonasiga koʻra, Olimpiya oʻyinlari Zevsning oʻgʻli, Gerkules tomonidan uyushtirilgan. Birinchi oʻyinlar miloddan avvalgi 776-yilda Olimpiya maydonlarida oʻtkazilganligi haqida maʼlumotlar mavjud. Ular milodiy 394-yilda rimliklar bekor qilguniga qadar ming yil davomida, har 4 yilda bir marta oʻtkazilgan. Qadimgi yunonlar oʻyinlarni shu qadar muhim deb hisoblaganki, hatto ular orasidagi vaqt oraligʻini oʻlchashgan. Toʻrt yil Olimpiada deb atalgan.

Oʻyinlar yunonlar idealining timsoli boʻlib, unga koʻra tana ham aql va ruh kabi rivojlangan boʻlishi kerak. Oʻyinlarning oʻtkazilishiga hech narsa toʻsqinlik qila olmagan: agar urush ketayotgan boʻlsa ham, u toʻxtalishi kerak boʻlgan. 15 asr oʻtgach, fransuz baroni Pyer de Kubertenda Olimpiya oʻyinlarini tiklash gʻoyasi tugʻilgan. 1894-yilda uning taklifiga binoan 15 davlat vakillaridan iborat xalqaro kongress chaqirilgan. Bu kongress bir ovozdan oʻyinlarni qayta tiklash va ularni har toʻrt yilda bir marta muntazam ravishda oʻtkazish zarurligini eʼtirof etgan. Ikki yil oʻtgach, Afina shahridagi qayta qurilgan stadionda birinchi zamonaviy Olimpiya oʻyinlari boʻlib oʻtgan.

Bugungi oʻyinlar basketbol, suv polosi, futbol, velosport, otish, chim ustida xokkey kabi qadimgi davrlarda mavjud boʻlmagan sport turlarini ham qamrab olgan. Zamonaviy Olimpiya oʻyinlari Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tomonidan tashkil etiladi. Har bir mamlakatda oʻz mamlakatining Olimpiya oʻyinlarida ishtiroki uchun masʼul boʻlgan Milliy Olimpiya qoʻmitasi mavjud.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!