Matematikani kim o‘ylab topgan?
Matematika fani qanday yaratilgan?
2 min
Tarix

Matematika bu — raqam, miqdor va shakllar bilan shugʻullanadigan fan. Matematikasiz hozirgi butun hayotimiz imkonsiz boʻlar edi. Masalan, bizning yaxshi uylarimiz boʻlmas edi. Chunki quruvchilar oʻlchash, hisoblash va barpo etishni bilishi kerak. Kiyimimiz juda qoʻpol boʻlar edi, chunki uni yaxshi bichish, yaʼni hamma narsani aniq oʻlchash kerak. Hech qanday temiryoʻl, kema, samolyot, katta sanoat va tijorat boʻlmasdi. Albatta, sivilizatsiyamizning bir qismini tashkil etadigan radio, televideniya, kino, telefon va boshqa minglab narsalar ham boʻlmasdi. Matematikadan foydalanish va “qancha?”, “qancha vaqt?” kabi oʻlchovlar biz yashayotgan dunyoning muhim qismidir. Ota-bobolarimizning hayoti ancha sodda boʻlgan, lekin hatto ular ham raqamlardan foydalanishga majbur boʻlgan.

Qadimgi odam oʻziga tegishli boʻlgan narsalarni hisobga olishni xohlagan. Nechta asbobi va qancha quroli bor? Qancha hayvonga ega? Miqdor bilan bogʻliq fikrlarni yetkazish zarurati paydo boʻlgandan soʻng u matematikadan foydalanishni boshlagan. Umuman olganda, hisoblash matematikaning boshlanishidir. Bu hisoblash sanʼati uzoq vaqt davomida rivojlangan. Dastlab, devorda kertiklar yoki papirusda (qogʻoz turi) belgilar qoʻyilgan. Garchi qadimgi odamning nomlash uchun hali hech qanday soʻzi boʻlmasa-da, lekin bu kertiklarga qarab “qancha?” degan savoliga javob topa olgan. Vaqt oʻtishi bilan qadimgi misrliklar, keyinchalik yunonlar va rimliklar ham yanada mukammal raqamlar tizimini yaratgan. Ammo hisob, albatta, matematikaning faqat bir qismidir. Shakl va uning oʻlchamlarini oʻlchash gʻoyasi ham inson uchun juda muhimdir.

Qadimgi odam garchi shakllarning oʻlchamlarini aniq oʻlchay olmasa ham, ammo kundalik hayotida unga murojaat qilib turgan. Masalan, oʻzining oddiy turar joyini qurishda u toʻrtburchak va doiralardan foydalangan. Bu matematikaning eng oddiy, amaliy qoʻllanishi edi. Biroq matematika moddiy obyektlarga aloqasi boʻlmagan maqsadlarda — mavjud faktlardan mantiqiy xulosalar chiqarish uchun ham ishlatiladi. Masalan, geometriyada hamma narsani qogʻozga ifodalaymiz va muammoning yechimini topamiz. Keyin esa ushbu yechimlarni kundalik hayotga koʻchiramiz.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!