Geometriya nima?
Geometriya fani qanday yaratilgan? Geometriya bo'yicha ilk kitobni kim yozgan?
2 min
Bu nima?

Jismning shakli, oʻlchami, fazodagi holati bilan ish koʻrganimizda, biz geometriyaga murojaat qilamiz. Tarixda odamlar toʻqimachilik yoki binolarni bezash bilan shugʻullanish davomida oʻzi bilmagan holatda geometriyadan foydalangan. Nil toshqini paytida suv bosgan yer maydonlarini oʻlchash uchun qadimgi misrliklarga geometriya kerak boʻlgan. Ular din amallariga binoan marhumlar uchun qabrlar — piramidalar qurish uchun ham geometriyaga muhtoj boʻlgan. “Geometriya” soʻzining oʻzi yunoncha “yer” va “oʻlchov” soʻzlaridan kelib chiqqan boʻlib, ehtimol, misrliklar soʻzining tarjimasidir. Dastlab geometriya intuitiv boʻlgan, yaʼni faktlar uni isbotlashga hojat yoʻq yoki haqiqatan ham shunday ekanini koʻrsatishga urinmasdan mavjud deb tan olinganini anglatadi. Ammo miloddan avvalgi 600-yilda yunon olimi Fales geometrik faktlar haqiqat ekanini isbotlovchi yoʻllar boʻlishi kerak degan fikrni ilgari surgan. Geometriyada bunday haqiqat teorema deb ataladi.

Fales odamlar shu vaqtgacha toʻgʻri deb qabul qilgan teoremalarning isbotini topgan. Bu asosli geometriyaning boshlanishi boʻlib xizmat qilgan. Elementar geometriya ikki qismga — tekislik va jismlar geometriyasiga boʻlingan. Tekislik geometriyasida tekislikda mavjud boʻlgan jismlar koʻrib chiqilgan. Ular faqat ikkita oʻlchov — uzunlik va kenglikka ega boʻlgan. Jismlar geometriyasi — uch oʻlchovli geometriya. U uzunlik, kenglik va balandlikka ega jismlar bilan ish koʻradi. Bu konus, sfera, silindr va boshqalar…

Miloddan avvalgi 280-yilda Misrning Iskandariya shahrida yashagan olim Evklid geometriya boʻyicha kitob yozgan. “Negizlar” deb nomlangan ushbu kitob taxminan 2000 yil davomida geometriyani oʻrganishni istagan har bir kishi uchun darslik boʻlib kelgan. Bugungi kunda biz elementar geometriyani Evklid geometriyasi deb ataymiz, ammo zamonaviy olimlar Evklid materialining bir qismini zamonaviy boʻlmagani sababli rad etgan. Qayerga qaramaylik, atrofimizdagi hamma joyda geometriya tamoyillari qoʻllanishini koʻramiz. Bu inshootlarni qurish va ularni loyihalashda, arxitekturada, interyerda, hatto landshaft yaratishda ham boʻlishi mumkin. Albatta, tanobchilar (yer oʻlchovchilar) foydalanadigan kompas, sekstant, teodolit kabi oddiy asboblar ham geometriya bilan bevosita bogʻliqdir.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!