20.02.2024
Jamiyatning zaif va kasal aʼzolariga gʻamxoʻrlik qilish qadim zamonlardan beri hal qilinishi lozim boʻlgan jiddiy masala hisoblangan. Ammo kasalxonalar gʻoyasi insoniyat tarixida juda yangi. Masalan, yunonlarda bemorlarni parvarish qiladigan jamoat muassasalari boʻlmagan. Baʼzi shifokorlarning ish uchun jarrohlik xonalari bor boʻlib, u juda kichik edi. Unda faqat bitta bemor davolanishi mumkin boʻlgan. Urush davrida rimliklar bemor va yarador askarlarni davolash uchun lazaretlar tashkil etgan. Keyinchalik lazaretlar yirik shaharlarda paydo boʻlgan va jamoat jamgʻarmalari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan. Gospitallar tashkil etilishida Rim taʼsiri muhim ahamiyatga ega. Xristianlik paydo boʻlishi bilan bemorlarga gʻamxoʻrlik qilish cherkov burchiga aylangan.
Oʻrta asrlarda monastirlar gospitallarning aksariyatini oʻz ichiga olgan. Rohib va rohibalar kasallarni parvarish qilgan. Muqaddas joylarga ziyorat qilishning odat tusiga kirishi ham gospitallar yaratish gʻoyasini ilgari surgan. Bu sayohatlar koʻpincha uzoq davom etgan va sayohatchilar yoʻl boʻyidagi kichik mehmonxonalarda tunashga majbur boʻlgan. Ular “xospitaliya” yoki mehmonlar uyi (lotincha “mehmon” soʻzidan) deb atalgan. Monastirlar qoshidagi bunday mehmonxonalar oʻzini kasal va zaif sayohatchilarga gʻamxoʻrlik qilishga bagʻishlagan. Shu sababli “gospital” nomi bemorlarga gʻamxoʻrlik qilinadigan joyni anglatadigan boʻlgan. Oʻrta asrlarda yashash sharoitlari unchalik qulay, gigiyena esa yaxshi boʻlmagani tufayli oʻsha paytdagi gospitallardagi tozalik va tartib achinarli holatda boʻlgan. Ayrim gospitallarda bir toʻshakda ikki yoki undan ortiq bemor yotgan.
XVII asrda yashash sharoitlari sezilarli darajada yaxshilangan. Odamlar zaiflarga gʻamxoʻrlik qilish davlatning vazifasi ekanini tushuna boshlagan. Ammo Angliyaning yirik shaharlarida jamoat gospitallari faqat XVIII asrga kelib odatiy holga aylangan va jamoat shifoxonalari gʻoyasi tez orada tarqalib, ular butun Yevropada paydo boʻlgan. Shimoliy Amerikadagi birinchi gospital Kortes tomonidan 1524-yil Mexikoda qurilgan. Britaniya koloniyalaridagi birinchi gospital 1663-yil Manxetten orolida Sharqiy Hindiston kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.