Stomatologiya qachon paydo bo‘lgan?

Tish ogʻriganida yoki u bilan biron boshqa muammolar paydo boʻlganida, buni darhol bartaraf etishga harakat qilamiz. Qadimgi davrlarda ham odamlar xuddi shunday qilgan. Shuning uchun stomatologiya sivilizatsiya paydo boʻlishi bilan rivojlana boshlagan. Stomatologlar shifokorlar paydo boʻlgandan beri bor. Qadimgi davrda tishlarni parvarish qilishning 52 qoidasi boʻlganini isbotlovchi tarixiy hujjatlar topilgan va ularda tishni qanday qilib oqartirish, hatto toʻgʻri nafas olish haqida ham maslahatlar berilgan. Albatta, oʻsha vaqtlarda tish va uni davolash bilan bogʻliq bilimlar yetarli boʻlmagan.

Qadimgi Yunonistonda taxminan 2500 yil oldin tishlarni olib tashlash bilan shugʻullanadigan dantistlar1 boʻlgan. Lekin ular faqat chirigan tishlarni olgan. Bu milodiy 1400 yilgacha davom etgan. Takomillashtirilgan vositalar ixtiro qilinishi bilan boshqalarini ham ola boshlashgan. Qadimda tish ogʻrigʻi bilan nima qilishni bilishmagan. Yunonistonda bolalar undan azob chekkanida, ularga ogʻriqni kamaytirishga yordam beradigan dorilar berilgan. 200 yil oldin dantistlar tish ogʻrigʻini kamaytirish uchun milkka qizdirilgan pichoq qoʻygan. Tishlardagi teshiklarni yamash ilk bor oʻrta asrlarda boshlangan. Dastlab ular mum va rezina bilan toʻldirilgan. Keyinchalik metallardan, ayniqsa, qoʻrgʻoshin va oltindan foydalana boshlangan. Aytgancha, zamonaviy tish choʻtkasi 1498-yilda ixtiro qilingan. Uni xitoylik dantistlar qirollik oilasi foydalanishi uchun ixtiro qilgan.

Taxminan 100 yil oldin, agar kishi stomatolog boʻlishni xohlasa, u tajribali shifokorlar bilan amaliyot oʻtashi kerak boʻlgan. 1840-yilda mutaxassislarni tayyorlash uchun Baltimorda tish jarrohligi kolleji ochilgan. Bu stomatologlar kasbining boshlanishi boʻlib xizmat qilgan. Bugungi kunda ushbu mutaxassislikni egallashni istagan kishi kollejda 3—4 yil oʻqib, dastlabki taʼlim olishi va keyin uni yana 4 yil oliy stomatologiya muassasasida davom ettirishi kerak.


[1] Dantist — tishni davolovchi tabib, tish tabibi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!