20.02.2024
Soch parvarishi sivilizatsiyaning oʻzi kabi juda qadimiydir. Qadimgi davrlardayoq ayollarning tarogʻi boʻlgan. Hatto eng ibtidoiy qabilalar ham yogʻoch, suyak va metalldan taroq yasashni uddalagan. Xoʻsh, soch urfi haqida nima deyish mumkin? Bu urf asrlar davomida qanday oʻzgargani va inson uchun qanday ahamiyatga ega boʻlganini koʻrish juda qiziqarli. Dunyoning turli burchaklaridagi yovvoyi qabilalar oʻzi uchun juda katta ahamiyatga ega boʻlgan soch uslubini ishlab chiqqan. Xitoyda sochni bosh tepasida bir tutam qilib bogʻlab qoʻyish odat tusiga kirgan. Manchjurlar bu mamlakatni zabt etgach, mahalliy aholi qullik belgisi sifatida sochni mayda qilib oʻrishga majbur qilingan. Bu uslub keng yoyilib, Xitoyda ommalashgan va hanuzgacha saqlanib kelmoqda.
Sivilizatsiya rivojlangan sari soch uslublari tobora xilma-xillashib borgan. Sochi bir xil tarzda taralgan ikki kishini uchratish qiyin boʻlgan. Baʼzi mamlakatlarda pastga osilib turgan soch urf boʻlsa, boshqalarida esa ularni yuqoriga tikka tarash odat tusiga kirgan. Nisbatan yaqinda ayollarning sochi uzun, erkaklarniki esa qisqa boʻlishi odatiy holga aylangan.
Oʻrta asrlarga qadar erkaklar sochini uzun oʻstirib, ularni xuddi ayollar kabi avaylab, parvarish qilgan. Ularni oʻrib, tasmalar bilan bezatgan. Uygʻonish davrida soch uzunroq koʻrinishi uchun pariklardan foydalanilgan. Angliya qiroli Genrix VIII tarixga oʻziga xos, unutilmas biron nima kiritishga qaror qilgan. U odamlarga sochini qisqa oldirishni buyurgan. Ammo shu bilan birga, uzun soqol va jingalak moʻylovga ruxsat bergan. Taxtga Jeyms I oʻtirganida odamlar eski, odatiy uzun soch uslubiga qaytgan. Fransiyada Lyudovik XIV ning aynan u uchun parik yasaydigan 40 ta hunarmandi boʻlgan. Umuman olganda, Fransiyaning barcha erkaklari soch uzunligi va jingalaklar soni boʻyicha bellashgan.
Keyinchalik odamlar ikkiga ajralgan: baʼzilar qisqa soqol va uzun soch, boshqalari esa uzun soqol va qisqa soch tarafdori boʻlgan. Garchi 60—70-yillarda uzun soch birmuncha vaqt mashhurlikka erishgan boʻlsa-da, XIX asrga qadar oʻzgarib turgan urfdan soʻng qisqa soch odatiy tus olgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.