Taroqdan foydalanish qachon boshlangan?
Taroq qachon ixtiro qilingan?
2 min
Tarix

Kunlarning birida ayol sochini oʻzgacha, gʻayrioddiy tarzda turmaklasa, yanada jozibali boʻlishi mumkinligini tushungan. Ehtimol, oʻsha paytda taroq paydo boʻlgandir. Taroq bu — soch orasidan oʻtib, uni batartib qiladigan juda oddiy “tishli” moslama. Yangi Gvineya orolida papuaslar yashagan. Ularning dagʻal va jingalak, juda qalin sochi boʻlgan. Baʼzilarning fikriga koʻra, jingalak sochini tekislab, boshning orqa qismida toʻplash uchun taroqni aynan papuaslar ixtiro qilgan.

Taroq insonning eng qadimgi ixtirolaridan biridir. Ulardan baʼzilari suyakdan, boshqalari yogʻoch yoki shoxdan yasalgan. Bunday taroqlar Shveysariya koʻli boʻyidagi qadimda odamlar yashagan joyda topilgan. Misrliklar fil suyagidan yasalgan taroqlardan foydalangan. Nyu-Yorkdagi Metropoliten sanʼat muzeyida obnus daraxti yogʻochi va fil suyagidan yasalgan, ming yillik tarixga ega Misr taroqlari namoyishga qoʻyilgan. Ajablanarlisi shundaki, ular istalgan ayol foydalanishi mumkin zamonaviy taroqlarga oʻxshaydi.

Sivilizatsiyaning dastlabki bosqichida odamzod taroqni qoʻlidagi mavjud narsalardan yasagan. Masalan, Osiyoning ayrim qismlarida boʻlgani kabi bambukdan yoki Polineziya orollari aholisi singari kokos palmasi barglari tomirlaridan. Yangi Gvineyada taroq buqa shoxidan yasalgan. Oʻrta asr rassomlari taroqlarni iloji boricha bezashga harakat qilgan. Ulardan ayrimlarida avliyolarning tasvirlarini topish mumkin, boshqalari esa shisha yoki oltin bilan bezatilgan. Lotin yozuvlari tushirilgan namunalar ham mavjud.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!