Ibtidoiy odam olovni qanday yaratgan?
Olovdan foydalanish qachon boshlangan?
2 min
Tarix

Olov olish usulini topib, undan foydalanishni oʻrgangan odamzod sivilizatsiya yoʻlida birinchi qadamni qoʻygan. Qazish ishlari natijasida gʻorlarda topilgan koʻmir va suyak qoldiqlari orqali ibtidoiy odam yuz minglab yillar oldin olovdan foydalanganini bilamiz. Shuningdek, olov yoqish uchun ishlatilgan toshlar ham topilgan. Odam qanday qilib olov olishga muvaffaq boʻlgan? Biz faqat taxmin qilishimiz mumkin. Qadimgi odamlar olov olishdan oldin undan foydalanishni oʻrgangan boʻlishi ehtimoli bor. Momaqaldiroq paytida quruq daraxtga chaqmoq tushishi oqibatida u yongan. Odamlar bu daraxtdan olovni olib, uni yillar davomida saqlagan. Ular uchun yangisini olishdan koʻra, yonayotgan olovni saqlash osonroq boʻlgan.

Gʻorda yashovchilar zulmatda toshlar orasida kezib yurganida bir toshning boshqasiga urilishidan chiqqan uchqunlarni payqagan. Bu odamning idroki oshib, maqsadli ravishda toshdan olov olishni boshlaganidan ancha oldin sodir boʻlgan. Kohinlar bu “urilgan toshlar siri”ni sir saqlagan. Bizning davrimizdagi ijtimoiy rivojlanishning ibtidoiy bosqichlarida yashovchi xalqlar ham olovni xuddi ajdodlarimiz kabi oladi.

Alyaskadagi baʼzi hindu qabilalari olovni hali ham toshdan oladi. Xitoy va Hindistonning ayrim hududlarida olov yoqish uchun yuzasi juda qattiq boʻlgan bambuk tayoqqa keramika qoldiqlari uriladi. Eskimoslar temirga kvars boʻlagi bilan uradi. Shimoliy Amerika hindulari esa ikkita tayoqchadan foydalanadi. Sivilizatsiya rivojlanishi uchun olov olishning muhimligini izohlaydigan koʻplab sabablar mavjud. Pishirilgan ovqat yanada mazaliroq boʻlgan. Oziq-ovqat mahsulotlarini dudlash va gʻamlash zaxiralarni uzoqroq saqlashga yordam bergan. Asbob va qurollarning oʻtkir qismlari olovda toblangan boʻlishi mumkin. Gulxan va mashʼalalar yovvoyi hayvonlarni hurkitgan. Albatta, olov odamni sovuqdan himoya qilib, sovuq oʻlkalarda uning hayotini yanada qulay qilgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!