Ovqat pishirish qachon boshlangan?
Ovqat pishirish qachon boshlangan?
2 min
Tarix

Bugungi kunda ovqat pishirish — sanʼat. Buyuk oshpazlar, taniqli restoranlar, minglab pazandalik kitoblari bor, millionlab odamlar taomni yaxshi pishirishi bilan faxrlanadi. Ammo bir paytlar odam umuman ovqat pishirmagan. Qadimgi odamlar ovqatni xomligicha isteʼmol qilgan. Olov kashf qilinganidan keyin ham odamzod hayvonning tanasini gulxan ustiga qoʻyish bilan kifoyalangan. Odam qizdirilgan toshlar bilan toʻldirilgan chuqurda pishirishni yoki choʻgʻday qizdirilgan toshlarni suv solingan idishlarga qoʻyib, goʻsht va sabzavotlarni qaynatishni asta-sekinlik bilan oʻrgangan. Qadimgi odamlar hayvonlarni butunlay ochiq olovda qovurgan.

Vaqt oʻtishi bilan odamlar baliq, qush va mayda hayvonlarni loyga oʻrab pishirishni oʻrgangan. Bularning barchasi ustiga qayla quyilgan va taom yanada mazali boʻlgan. Qadimgi misrliklar tarixiga nazar solib, ular pazandachilikni rivojlantirganini bilib olamiz. Jamoat novvoyxonalarida odamlar uchun non pishirilgan. Yunon sivilizatsiyasida taomlar dabdaba bilan pishirilgan. Qadimgi Afinaga oziq-ovqat juda uzoq mamlakatlardan ham olib kelingan, rimliklar esa dabdabali ziyofatlar uyushtirgan. Oʻrta asrlarda pazandalik sanʼati tanazzulga yuz tutgan, ovqat yaxshi pishirilgan yagona joy monastirlar boʻlgan. Bu sanʼat qayta tiklangach, unda Italiya, Ispaniya va Fransiya ustunlikni qoʻlga kiritgan. Bu mamlakatlar odamlari asosan goʻsht isteʼmol qiladigan Angliya yoki Germaniyadan koʻra nozikroq didga ega ekanidan faxrlangan.

Shunisi eʼtiborga loyiqki, qadimgi odamlar ham biz hozir ishlatadigan deyarli barcha pishirish usullarini bilgan. Faqat ular buni juda qoʻpol bajargan. Masalan, biz qaynatamiz, qovuramiz, frityurda qovuramiz, pishiramiz, dimlaymiz, bugʻda pishiramiz, quruqshatamiz yoki quritamiz… Amerikalik hindular bu usullarning  frityurda qovurishdan boshqa barchasini bilgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!