20.02.2024
Ovqat yanada mazali boʻlishi uchun pishiriladi deb oʻylarsiz. Aslida, bu taomning yaxshiroq oʻzlashtirilishiga yordam beradi. Ovqatning pishirilishi sogʻligʻimizni ham himoya qiladi, chunki bu bizga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan bakteriya va boshqa mikroorganizmlarni yoʻq qiladi. Onalar ovqatni qanchalik mazali pishirsa ham, baʼzida restoranga borishni xohlaymiz. Bunday istak aynan mazali narsa isteʼmol qilish maqsadida tugʻilmaydi. Asosiysi, muhitni oʻzgartirish va odamlar bilan muloqot qilishdir. Restoranlar har doim ham boʻlmagan. Odamlar suhbatlashish, ichish va biror narsa yeyish uchun yigʻiladigan taverna (kichik qovoqxona) lar boʻlgan. Londonda bunday muassasalar xoʻjalik doʻkonchalari deb atalgan.
Dastlab, ushbu doʻkonchalar ishchilari tashrif buyuruvchilarning oʻzi bilan olib kelgan goʻshtini pishirib bergan. Keyinchalik ular oʻz mahsulotlaridan ovqat tayyorlay boshlagan. Bu esa restoranga oʻxshay boshlagan. Bunday xoʻjalik doʻkonchalari XII asrga qadar mavjud boʻlgan. Taverna Londonda har kuni maʼlum soatlarda pishirilgan ovqatni tanovul qilsa boʻladigan birinchi joyga aylangan. Koʻpincha bunday tavernalar klublarga aylangan. Bu XV asrda sodir boʻlgan.
XVI asrning oʻrtalarida turli daromadlarga ega shahar aholisi orasida uyda emas, balki tavernalarda ovqatlanish odati paydo boʻlgan. Aksariyat tavernalar tushlikni shilling yoki undan ham kam toʻlov evaziga taklif qilgan. Bu tushlik narxiga sharob va hatto el (ingliz pivosi) ham kirgan. Tavernalar taniqli odamlar uchun uchrashuv joyiga aylangan. Shekspir Londondagi “Mermeyd” tavernasining doimiy mijozi boʻlgan. 1765-yilga kelib, Londonda qahvaxonalar ham paydo boʻlgan. U yerda oʻsha payt uchun yangilik boʻlib, katta qiziqish uygʻotgan qahva, choy, shokoladni tatib koʻrish, baʼzan esa u yerda ajoyib taomlarni ham isteʼmol qilish mumkin boʻlgan.
1765-yilda Bulanje ismli kishi Parijda yengil tamaddi va pishirilgan taomlar sotadigan muassasa ochgan. U bu joyni restoran deb atagan. Bu soʻz oʻshanda birinchi marta ishlatilgan. Muassasa muvaffaqiyat qozongan va tez orada unga oʻxshash koʻplab tamaddixonalar ochilgan. Qisqa vaqt ichida restoranlar Fransiya boʻylab keng tarqalgan. “Restoran” soʻzi Angliyada XIX asrning oxirigacha ishlatilgan. Qoʻshma Shtatlarda birinchi restoran 1683-yilda Filadelfiyada ochilgan. U “Moviy langar” deb nomlangan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.