Ovqatlanish anjomlari qanday paydo bo‘lgan?
Ovqatlanish anjomlari qachon va qanday paydo bo'lgan?
2 min
Tarix

Odamning ovqatlanish tarzi uning madaniyat darajasini tavsiflaydi. Qadim zamonlardayoq ovqatlanish qulayroq boʻlishi uchun turli xil anjomlar ixtiro qilingan. Qoshiqqa oʻxshash buyum tosh asrida ham boʻlgan. Misrliklar ming yillar oldin yogʻoch, tosh, fil suyagidan qoshiq yasab, ulardan foydalanganini hamma biladi. Yunon va rimliklar bronza, kumush qoshiqlardan foydalangan. Ularning aksariyati chiroyli, haqiqiy sanʼat asaridir. Oʻrta asrlarda qoshiq suyak, yogʻoch, qalay va jezdan tayyorlangan, boylar esa kumush qoshiq ishlatgan. Pichoq va sanchqilar ham qadim zamonlardan beri ishlatilgan. Baʼzilarning fikriga koʻra, birinchi sanchqi vazifasini tishchali tayoq bajargan, boshqalar esa uning paydo boʻlishini kamon oʻqi bilan bogʻlaydi. Birinchi, haqiqiy sanchqi uzun, ikki tishli boʻlib, ovqat pishirishda, ayniqsa goʻshtni qovurishda kerak boʻlgan.

Sanchqi dasturxonda yangi davrda paydo boʻlgan. Hatto 300 yil oldin ham stolda pichoq va sanchqilarning boʻlishi beʼmani va gʻalati tuyulgan. Angliyada ular juda kam uchragan. Fransiyada ovqat XVII asrgacha qoʻlda yeyilgan. Pichoq suyak yoki tosh boʻlagidan, bir tomoni charxlab yasalgan. U insonning birinchi ixtirolaridan biri boʻlgan. Pichoq ham stollarda taxminan 300 yil oldin paydo boʻlgan. Qadimgi odamlar idish-tovoq sifatida atrofidagi tabiiy narsalardan foydalangan. Masalan, keng barg likopcha vazifasini bajargan, idishlar boʻsh qovoqdan yasalgan, qoq ikkiga boʻlingan kokos yongʻogʻidan esa kosa hosil boʻlgan. Odam idish-tovoq yasashni boshlagach, kastryulka, finjon va likopchalar paydo boʻlgan. Koʻpincha ular ajoyib shakl va bezaklarga ega boʻlgan. Ularning aksariyati — qadimgi yunon, rim va misr vaza, qadah hamda idishlari bugungi kungacha saqlanib qolgan boʻlib, ular haqiqiy sanʼat durdonalari.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!