20.02.2024
Dunyoning qaysi burchagida boʻlishdan qatʼiy nazar, ibtidoiy qabilalardan tortib, yirik shaharlardagi eng yaxshi restoranlargacha, turlicha koʻrinishda boʻlsa ham odamlarning non isteʼmol qilishini koʻrish mumkin. Non — xamirga aylantirilib pishirilgan bugʻdoy yoki javdar uni.
Katta ehtimol bilan, non pishirishni birinchi boʻlib misrliklar miloddan avvalgi 3000-yilda boshlagan. Garchi qadimgi davrlarda yahudiylar ham non pishirgan boʻlsada, xamirturushni misrliklar kashf qilgan. Xamirturush paydo boʻlishi bilan xamirni koʻpchitish mumkin boʻlgan. Shu tarzda “sergoʻsht” nonlar paydo boʻlgan, yahudiylar esa oʻz nonini yupqa shaklda pishirgan. Biz asosan bugʻdoydan pishirilgan nonni isteʼmol qilamiz. Chunki bugʻdoy oʻsimlik oqsiliga ega. Pishirish vaqtida bu oqsil nonning koʻpchigan va boʻrsildoq boʻlishiga yordam beradi. Non yengil, mazali boʻladi. Javdar uni bu sifatga ega emas, shuning uchun u koʻpincha bugʻdoy uni bilan aralashtiriladi. Shuningdek, biz biskvit, pishiriq, bulochka va shunga oʻxshash narsalarni isteʼmol qilamiz. Ular bugʻdoy, makkajoʻxori, guruch, javdar, suli unidan pishiriladi.
Makkajoʻxori unidan non, kulcha, shirinliklar pishiriladi. Odatda non deb ataladigan yegulik dunyoning turli mamlakatlarida turli xil mahsulotlardan tayyorlanadi. Meksikada yalpoq zogʻora kulchasi makkajoʻxoridan pishiriladi. Shotlandiyada katta shotland kulchasi — suli unidan tayyorlangan, qovurilgan pirogning bir turi isteʼmol qilinadi. Shvedlar javdar unidan tayyorlangan yalpoq, dagʻal, ogʻir nonni xush koʻradi. Yahudiylar esa ming yildan beri Pasxa bayramini “matsa” deb ataladigan xamirturushsiz non pishirib nishonlaydi. U un va suv aralashmasidan tayyorlanib, kreker yoki vafli kabi pishiriladi. Bu xamirga achitqi qoʻshilmagani uchun unda koʻpchishga yordam beradigan moddalar yoʻq. Baʼzi mamlakatlarda nonga noʻxat, boshqalarida guruch, Uzoq Sharqda esa hatto choʻchqayongʻoq (eman daraxti mevasi) qoʻshiladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.