20.02.2024
Banan tarixda maʼlum eng qadimiy mevadir. Qadimda ham odamlar bananni bilgan va xush koʻrgan. Banan dastlab Janubiy Osiyoda oʻsgan, keyinchalik asrlar davomida gʻarb va sharqqa tarqalgan deb hisoblanadi. Musulmonlar banan palmasini jannat daraxti deb atagan, hindlar esa bananni ilohiylashtirgan. XVI asrning boshlarida ruhoniy Tomas de Berlanga banan ildizlarini Yangi dunyoga olib kelgan. U bu shirin, tillarang meva yordamida hindular bilan doʻstlik oʻrnatib, shu tariqa ularni oʻz eʼtiqodiga oʻtkazishga umid qilgan. Bu oz miqdordagi ildizlardan minglab gektar maydonda katta banan plantatsiyasi hosil boʻlgan va u hali ham Amerikaning tropik mintaqasida mavjud.
Hindular banandan turlicha foydalanishni oʻylab topgan. Banan hali yashil boʻlganida, ular qovurilib, non bilan isteʼmol qilinadi. U sabzavot kabi qaynatiladi, qovuriladi, rezavorlar kabi quritiladi va hatto ulardan kuchli alkogolli ichimliklar tayyorlanadi. Banan daraxtda oʻsadi desak-da, bu aslida daraxt emas, balki butadir. Ehtimol, bu yogʻoch tanasi boʻlmagan, eng katta buta boʻlsa kerak. Uzunligi 3,5 dan 9 metrgacha boʻlgan va daraxtning haqiqiy tanasiga oʻxshab koʻrinadigan novda aslida qattiq barglar yigʻindisidir. Odamlar parvarishi natijasida yetishtirilgan banan navlari urugʻ ishlab chiqarish qobiliyatini yoʻqotgan va bu isteʼmol uchun ancha qulaydir. Oʻsimlikning uchida yorqin yashil rangdagi, pastga osilgan barglarning ulkan kokili bor. Aynan ular palma daraxtini eslatadi va bananni palma daraxtiga oʻxshash qilib koʻrsatadi. Bitta katta gul kurtagi poya oʻrtasida oʻsadi. Tegishli vaqtda unda mevalar paydo boʻladi. Banan mevalari ogʻir shodalar hosil qilganligi sababli buta poyasi pastga egiladi.
Bu holatda banan “teskari” oʻsadi. Har bir butada bitta banan shodasi oʻsadi, lekin uning vazni koʻpincha 45 kilogramm yoki undan ham ortiq boʻladi. Banan har doim, hatto sotish uchun uzoq joyga joʻnatilmaganda ham yashil holatida yigʻib olinadi. Sababi, agar ular daraxtda pishsa, yigʻib olinishidan oldin yorilib buziladi. Bananlar maxsus qurilgan kemalarda tashiladi. Meva tashish paytida pishib yetilmasligi uchun ular sovuq havo oqimi bilan shamollatilishi kerak.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.