20.02.2024
Oʻrmon va junglilar boʻylab hayvonlar tomonidan paydo boʻlgan soʻqmoqlar inson quradigan yoʻllar uchun namuna boʻlgan. Chakalakzorlar orasiga yangilarini yotqizishdan koʻra ulardan foydalanish oson va xavfsizroq boʻlgan. Inson tomonidan aniq bir maqsadda yotqizilgan eng qadimgi yoʻllar yaqin atrofdagi oqim, jilgʻa yoki ov maydonlariga olib boradigan soʻqmoqlar boʻlgan. Odamzod savdoni rivojlantira boshlagach, yoʻllar katta ahamiyatga ega boʻlgan. Tamaki, ipak, qimmatbaho tosh kabi mahsulotlarni tashish uchun Yevropa va Osiyo boʻylab katta savdo yoʻllari paydo boʻlgan. Bu doimiy foydalanish tufayli yaxshigina tekislanib ketgan yoʻllar edi.
Aftidan, birinchi tosh yoʻllar miloddan avvalgi 3000-yillarda Misrda, buyuk piramidalar qurilishi paytida yotqizilgan. Piramidalar qurilishiga ulkan tosh boʻlaklarni tashish uchun tarashlangan toshdan kengligi 18 metr va uzunligi 805 metr boʻlgan tekis yoʻl qurilgan. Miloddan avvalgi 1500-yillarda Krit orolida qisqa tosh yoʻllar yotqizilgan. Karfagenliklar miloddan avvalgi 500-yil boshida tosh yoʻllar tarmogʻini yaratgan deb hisoblanadi. Qadimgi davrda rimliklar buyuk yoʻl quruvchilar boʻlgan. Rim aravalari sobit oʻqlarga ega boʻlib, burila olmagan. Shu tufayli Rim yoʻllari iloji boricha toʻgʻri chiziq boʻylab qurilgan. 600 yil ichida rimliklar imperiya boʻylab choʻzilgan, 70 000 milyadan ortiq yoʻllarni qurgan.
Birinchi va eng mashhur tosh yoʻl miloddan avvalgi 312-yilda qurila boshlangan Appian yoʻlidir (Rim va Kapua oʻrtasida). Amerikada baʼzi hindu xalqlari sivilizatsiyaning yuqori darajasiga erishgan. Taxminan ming yillar oldin Perudagi ink qabilalari Ekvadordan Chilining markaziy qismigacha taxminan 4000 kilometrlik tosh yoʻl qurgan. Mayya xalqi tomonidan qurilgan Yukatan yoʻllari toshdan tekis va mustahkam qilib qurilib, koʻrkam, oq tus beradigan sement qorishmasi bilan qoplangan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.