Qonunlar qanday paydo bo‘lgan?
Qonunlar odamning odatlaridan kelib chiqib rivojlangan. Eng qadimgi qonunlar qanday bo'lgan?
2 min
Tarix

Adolat yoki qonun odamlarning bir-biri bilan qandaydir ijtimoiy munosabatlarga kirishganida paydo boʻlgan. Masalan, yolgʻiz yashagan Robinzon Kruzoga hech qanday qonun kerak emasdi. Uning yonida munosabatlarini aniqlaydigan hech kim boʻlmagan. Ammo Jumaboy kelishi bilan Robinzon va uning xizmatkori oʻrtasida ziddiyatlar yuzaga kelishi, birining huquqlari kuchayishi boshqasining huquqlariga zarar yetkazishi mumkin edi. Bunda qonun kerak boʻlgan. Qonunning maqsadi, shaxslar oʻrtasidagi va shaxsning jamiyat bilan munosabatlarini aniqlash va belgilashdir. U odamga boshqalarning erkinligiga zarar yetkazmaydigan darajada harakat erkinligini berishga intiladi. Qonunlar odamning odatlaridan kelib chiqib rivojlangan.

Eng qadimgi qonunlar tizimi miloddan avvalgi 1700-yilda Bobil shohi, Xammurapi tomonidan shakllantirilgan. U shaxs, mulk va boshqa huquqlarni belgilaydigan kodeksni (yoki toʻliq qonunlar majmuasini) ishlab chiqqan. Odatlar oʻz-oʻzidan qonunlarga aylanmagan: buning ortida hukumat kuchlari turgan. Keyinchalik qonunlar sudlar tomonidan qabul qilingan qarorlar va huquqshunoslar oʻrgangan barcha narsalarni bayon qilgan kitoblardan kelib chiqqan. Shundan keyingina qonunlar maxsus kitob yoki kodekslarda rasmiylashtirilgan. Bu shohlar yoki huquqshunoslar tomonidan amalga oshirilgan.

Rimliklar buyuk qonun yaratuvchilar boʻlgan va 527-yildan 565-yilgacha yashagan imperator Yustinianning qonunlar majmuasi ushbu ijodning ming yillik amaliyotini umumlashtirgan. Oʻrta asrlarda odamning harakatlari asosan cherkov tomonidan tartibga solingan va buning uchun kanonlar deb nomlangan qonunlar roʻyxati ishlab chiqilgan. XII asrda Rim huquqi Italiyada oʻrganila boshlangan va butun Yevropaga tarqalgan. Rim huquqi asosida keyinchalik fuqarolik huquqida rivojlangan qonunlar roʻyxati yaratilgan. U mavjud kanonlarga zid boʻlgan. Shu bilan birga, Angliya sudlari qonunga boʻlgan qarashlarni qayta koʻrib chiqqan, umumiy huquqlar deb atalgan yangi kodeks paydo boʻlgan.

1804-yilda Napoleon oʻsha davrdagi barcha fuqarolik qonunlarini oʻz ichiga olgan kitob yaratgan. Napoleon kodeksi Yevropa, Markaziy va Janubiy Amerika kodekslari uchun asos boʻlib xizmat qilgan. Angliyada paydo boʻlgan umumiy qonunlar tizimi AQSh, Kanada (Kvebekdan tashqari), Avstraliya va yangi Zelandiya kodekslari uchun boshlangʻich nuqta boʻlgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!