Birlashgan Millatlar Tashkiloti nima?

Ayrim global keskinlik davrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti haqida koʻp eshitamiz. Bu nima? U qayerdan paydo boʻlgan? Faoliyati qanday? Bu yerda Birlashgan Millatlar Tashkilotining faqat qisqacha tavsifini berish mumkin. Ammo bu bilishingiz kerak boʻlgan narsalardir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu — hukumat tashkiloti. U xalqaro saʼy-harakatlar bilan urushning oldini olish, muammolarni hal qilish orqali yaxshiroq sharoitlar yaratish uchun tuzilgan. BMT nizomi 1945-yil 26-iyunda, San-Fransiskoda 50 ta mamlakat vakillari tomonidan imzolangan. Nizomga koʻra, BMT tomonidan toʻrtta maqsad koʻzlangan. Birinchisi, nizolarni muzokaralar yoʻli bilan hal qilish yoki tajovuzkor yohud qurolli hujumning oldini olish choralarini koʻrish orqali tinchlikni saqlash. 

Ikkinchi vazifa — xalqlar oʻrtasida teng huquqlar va hukumat tanlovi asosida, doʻstona munosabatlarni rivojlantirish. Uchinchisi — iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va umuminsoniy muammolarni hal qilishda xalqaro hamkorlikka erishish. Toʻrtinchi maqsad — bu vazifalarni amalga oshirish uchun barcha xalqlarning harakatlarini birlashtiradigan markaz boʻlish. BMT 6 ta asosiy ishchi guruhga boʻlinadi.

Birinchi guruh — Bosh assambleya. U BMTning barcha aʼzolari vakillaridan iborat boʻlib, ularning har biri bitta ovozga ega. Bu BMT siyosatini belgilaydigan idora.

Ikkinchi guruh — tinchlikni saqlashga masʼul boʻlgan Xavfsizlik kengashi. Xitoy, Fransiya, Buyuk Britaniya, Rossiya va AQSh uning doimiy aʼzosi boʻlib, ovoz berishda maxsus mavqega ega. Qolgan aʼzolar Bosh assambleya tomonidan ikki yil muddatga saylanadi.

Uchinchi guruh — 19 aʼzodan iborat Iqtisodiy va ijtimoiy kengash. Uning vazifalari, insonlar farovonligini oshirish, inson huquqlari, uning asosiy erkinliklarini yanada mustahkamlashdir.

Toʻrtinchi guruh — BMTga aʼzo mazlum xalqlarga rahnamolik qiladigan va oʻzini oʻzi boshqarishga erishishiga yordam beradigan Vasiylik kengashi.

Beshinchi guruh — ochiq sud majlislarini oʻtkazadigan Xalqaro sud.

Nihoyat, oltinchisi — kotibiyat, BMTning maʼmuriy va rasmiy idorasi. Uning bosh rahbari — BMT Bosh kotibi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!