Sanoat inqilobi nima?

Inson Yerda juda uzoq vaqtdan beri yashaydi. Ammo uning uzoq tarixi davomida kundalik hayotdagi eng katta oʻzgarishlar faqat soʻnggi 200 yil ichida sodir boʻlgan. Uning turmush tarzi va ishidagi bunday oʻzgarishlar mashinalarning takomillashuviga bogʻliq. Bu muhim davr “sanoat inqilobi” deb ataladi. Inson paydo boʻlganidan boshlab doimiy ravishda asboblar yaratib kelgan. Keyinchalik dastgohlar paydo boʻlgan. Faqat 1750-yilga kelib haqiqiy mashina ixtiro qilingan. Mashina ham mehnat qurolidir, lekin u deyarli barcha ishlarni bajarib, odamni energiya sarfidan ozod qiladi. Asboblardan mexanizatsiyalashgan mashinalarga oʻtish shu qadar muhimki, u hayotning barcha jabhalariga taʼsir koʻrsatdi. Quyidagi misol yordamida bitta ixtiro boshqasiga sababchi boʻlishini kuzatish mumkin.

Mashinalardan samarali foydalanish uchun yangi energiya manbalarini izlash kerak edi. Sanoat inqilobiga qadar faqat inson, hayvon, shamol va suv kuchidan foydalanilgan. Inson ixtiro qilgan mashinalardan foydalanish uchun yangi manba — bugʻ kashf qilindi. Bu fabrikalarni qurishga imkon berdi. Ular xomashyo va bozor yaqinida edi. Mashina va mexanizmlarning yanada rivojlanishi natijasida temir va poʻlat koʻproq kerak boʻla boshladi. Shu sababli konchilikning yangi usullariga ehtiyoj paydo boʻldi.

Mashinalar sotilishi kerak boʻlgan katta miqdordagi mahsulotlarni ishlab chiqarishi mumkin edi. Demak, ularning bozorga yetkazilishini yaxshilash kerak. Bu yoʻllarni yaxshilash, kanallar qurish, temiryoʻl transportini rivojlantirish va yaratilgan mahsulotlarni uzoq bozorlarga olib borish uchun katta kema va paroxodlar qurish zaruriyatini tugʻdirdi. Inson butun dunyo bozorlari bilan ishlay boshladi, aloqa vositalarining ahamiyati oshdi. Telefon va telegraf ixtiro qilindi. Ammo bundan ham katta oʻzgarishlarga ehtiyoj tugʻildi. Fabrikalar oʻsib, katta va qimmat dastgohlardan foydalanila boshlandi, odam endi uyida ishlay olmay qoldi. U endi buni fabrika va zavodlarda bajaradi. Bu esa mehnat taqsimotiga olib keldi, fabrikada kishi kun boʻyi faqat bitta operatsiyani bajargan, uyda esa u mahsulotni toʻliq ishlab chiqarishga majbur boʻlgan. Oxir-oqibat, sanoat inqilobi hammaning imkoniyati yetadigan oddiy va arzon mahsulotlarni ishlab chiqarishga imkon berdi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!