Birinchi lampalar qanday paydo bo‘lgan?

Odam olovni kashf qilmaguncha, uning uchun issiqlik va yorugʻlikning yagona manbai quyosh edi. U quyoshni boshqara olmagani uchun sovuq va zulmat oldida butunlay ojiz boʻlgan. Chamasi, u 100 000 yil oldin olovni kashf qilgan va ana shunda baʼzi materiallar boshqalariga qaraganda yaxshiroq yonishini payqagan. Balki u qovurilayotgan goʻshtdan olovga tushgan yogʻ yorqinroq yonayotganini payqagan boʻlishi ham mumkin. Odam vaqt oʻtishi bilan yonganda koʻproq yorugʻlik beradigan materiallarni yigʻishni boshlagan. Devor yoriqlariga qoʻyilgan baʼzi daraxt turlarining payrahalari sekin yongan. Qaragʻay shoxlari mashʼala sifatida ishlatilgan.

Hayvonlarning yogʻi dumaloq tosh idishlarga solingan, mox yoki boshqa materiallar esa pilik vazifasini bajargan. Bu birinchi yogʻchiroqlari boʻlgan. Mazkur voqea qachon sodir boʻlganini biz aniq bilmaymiz, chunki bu tarix tomonidan qayd etilmagan davrlar edi. Birinchi shamlar, hayvonlarning eritilgan yogʻi boʻsh bambuk kabi qoliplarga quyib yasalgan. Tola qolip markazidan oʻtkazilgan va yogʻ soviganida pilik uning ichida qolgan. Qadim zamonda shamlar shu tarzda yaratilgan. Yangi Angliyadagi bunday chiroqlarda choʻchqa yogʻi 1820-yilgacha ishlatilgan. Keyinchalik chiroqda kit yogʻidan foydalanish boshlangan. Umuman olganda, qoʻlga kiritish oson boʻlgan har qanday yogʻ ishlatilgan.

Oʻrta dengiz mintaqasida zaytun daraxti juda koʻp. Zaytun yogʻi ham chiroq uchun toʻgʻri kelgan. Yapon va xitoyliklar chiroq uchun yogʻni turli xil daraxtlarning yongʻoqlaridan olgan. Agar Yer qaʼrida neft topilmaganida edi, hozirgi vaqtda bu maqsadda yeryongʻoqdan foydalanish mumkin boʻlardi. Neft 1859-yilda kashf etilgan. Undan yopiq idishlarda qizdirilib, “kerosin” deb ataladigan rangsiz mahsulot olinadi. U chiroqlarda koʻp ishlatiladigan yonilgʻiga aylandi. Odamlar neftni koʻmir bilan bogʻliq deb oʻylagani uchun kerosin dastlab “koʻmir yogʻi” deb atalgan. Uyingizda kerosin chiroq bormi? Bunday chiroq avariya yuz berib, elektr taʼminotida uzilish boʻlgan vaqtda ishlatish uchun koʻpchilikning uyida bor.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!