20.02.2024
Kemalarni jihozlash, narsalarni tashish va paketlarni bogʻlash uchun arqon har doim odamga kerak boʻlgan. Shuning uchun ham arqon ishlab chiqarish sanoatning eng qadimgi tarmoqlaridan biridir. Birinchi arqonlar liana, poʻstloq boʻlaklari va hatto ildizlardan toʻqilgan. Qadimgi arqonni misrliklar oʻsimlik tolalaridan tayyorlagan. Ular zamonaviy arqonlarni eslatgan. Arqon ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan barcha tolalar turli oʻsimliklardan ishlab chiqarilsa-da, umumiy “kanoptola” nomiga ega.
Eng yaxshi material — Filippinda oʻsadigan abaka oʻsimligining tolasi. Bu tola “manila kanoptolasi” nomi bilan tanilgan. U boshqalarga qaraganda pishiqroq va ishlov berish uchun yengilroq. Meksikada oʻsadigan Amerika aloesi yoki sabur, kokos yongʻogʻi tolalari ham arqon ishlab chiqarish uchun ajoyib materialdir. Arqonlarni paxta va zigʻir tolalaridan toʻqish mumkin, ammo bu ishlab chiqarish qimmatga tushadi. XIX asrga qadar arqon asosan hunarmandlar ustaxonalarida, qoʻlda tayyorlangan. Bu uzun va shifti past xonalar boʻlgan. Ishchilar arqonlarni beliga oʻrab, engashgan holda orqama-orqa yurishga majbur boʻlgan.
Hozir bu jarayon mexanizatsiyalashgan. Tola savagʻich deb ataladigan va poʻlat taroqlarga oʻxshash bir qator mexanizmlar orqali oʻtadi. Ular tolani yaxshilab tarab, unga ilashgan axlatni olib tashlab, gajaklarni tekislaydi va xomashyoni iplarga aylantiradi. Bu qalinligi bir xil boʻlgan, tekis, uzun, boʻsh iplar. Bu iplar yigiruv mashinalariga uzatiladi va u yerda qisman oʻriladi. Shundan soʻng yarim tayyor mahsulot rulon yoki gʻaltaklarga oʻraladi. Bu gʻaltaklar aylanadigan disklarga oʻrnatiladi. Iplar metall quvur orqali oʻtib, yana alohida iplarga eshiladi. Bu iplar xuddi shu tarzda tayyor arqonga oʻriladi. Iplardan arqon eshish bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Arqon oʻrimi yozilib ketmasligi uchun har bir bosqichda iplar bir-biriga qarama-qarshi turli yoʻnalishlarda oʻriladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.