Birinchi qo‘g‘irchoqni kim yasagan?
Birinchi qo'g'irchoq qanday yasalgan?
2 min
Tarix

Hozirgi kunda yuradigan, gapiradigan, qichqiradigan, uxlaydigan, ichadigan — tirik mavjudotlarga imkon qadar oʻxshash qoʻgʻirchoqlar bor. Kambagʻal oilada yashaydigan va ota-onasi qoʻgʻirchoq sotib olib berolmaydigan qizchani bir tasavvur qiling. U gʻoʻla boʻlagini olib, unga kiyim kiydirib, bu uning qoʻgʻirchogʻi ekanini aytadi. Bu qizaloq uchun qoʻgʻirchoq boʻladi va faqat bola uni qoʻgʻirchoq deb bilishi kifoya. Shu sababli biz qoʻgʻirchoqlar qachon paydo boʻlganini aniqlay olmaymiz. Ehtimol, ular tarixdan ilgarigi davrlarda oʻylab topilgandir, chunki bolalar boʻlgandan beri qoʻgʻirchoqlar ham boʻlgan. Buning uchun hind bolalari bosh tarafi qalinlashgan yogʻoch boʻlagidan foydalangan.

Fors bolalari matodan oʻralgan va yuzi boʻyalgan qoʻgʻirchoqlarni oʻynagan. Dunyo boʻylab juda qadimgi bolalar qabrlarida loydan yoki suyakdan yasalgan qoʻgʻirchoqlar topilgan. Baʼzi nufuzli odamlarning fikriga koʻra, qoʻgʻirchoq dastlab diniy marosimlarda ishlatilgan. Bolalarga qoʻgʻirchoqni but yoki siymo sifatidaga ushlab turishga ruxsat berilgan, lekin uni oʻynash taqiqlangan.

Boshqalarning fikricha esa bolalar tarixdan ilgarigi davrlarda ham qoʻgʻirchoq oʻynagan. Bizgacha yetib kelgan eng qadimgi qoʻgʻirchoqlar orasida misrliklarning qoʻgʻirchoqlari ham bor. Umuman olganda, ular qoʻgʻirchoqlarga befarq boʻlmaganga oʻxshaydi. Ularni yogʻochdan yasab, munchoqlar bilan bezatishgan. Topilgan Misr qoʻgʻirchoqlari 3000 yoshdan oshgan. Qadimgi yunonlarning ham qiziqarli qoʻgʻirchoqlari boʻlgan. Ular yaxshi bezatilgan bosh, chilvirlar bilan harakatlantiriladigan qoʻl va oyoqlara ega boʻlgan. Bizning davrimizda ham dunyoning turli burchaklaridagi bolalar biznikiga oʻxshamaydigan va oʻzinikini afzal koʻradigan qoʻgʻirchoqlar bilan oʻynaydi. Kichkina eskimos qizcha fil suyagidan yasalgan qoʻgʻirchoq bilan oʻynaydi. Meksikalik qizchaning qoʻgʻirchogʻi esa olovda pishirilgan loydan yasalgan va shuning uchun bizning qoʻgʻirchoqlarimiz unga juda rangpar tuyuladi.

Zamonaviy qoʻgʻirchoqlar mum, mato, papye-mashye (yelim, gips, va boʻr aralashtirilgan qogʻoz massa, pressda siqib, har xil buyumlar yasashda foydalaniladi) va boshqa materiallardan tayyorlanadi. Eng qimmat qoʻgʻirchoqlarning boshi eng yaxshi rassomlar tomonidan yaratiladi. Ammo har bir qizchaning sevimli qoʻgʻirchogʻi eng qimmat boʻlmasligi mumkinligini juda yaxshi tushunasiz.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!