20.02.2024
Bir qarashda, shisha juda oʻziga xos kimyoviy moddalar aralashmasidan katta qiyinchilik bilan ishlab chiqarilganga va kimyo moʻjizasini ifodalaydiganga oʻxshaydi. Ammo shisha aslida eng oddiy moddalar yordamida, juda oddiy usulda tayyorlanadi. Shisha bu — maʼlum materiallarning qotishmasi boʻlib, bu aralashma sovutilganda atomlar xaotik tarzda joylashadi. Bular qaysi materiallar? Yer foydali qazilmalarining taxminan 95 foizi shisha ishlab chiqarishda ishlatilishi mumkin. Ulardan eng muhimi: qum (kremniy dioksidi), soda, ohaktosh, bura, borat kislotasi, magniy oksidi, qoʻrgʻoshin oksidi. Birinchi shishani tabiatning oʻzi yaratgan.
Taxminan 450 000 000 yil oldin erigan togʻ jinslari Yer qaʼridan otilib, vulqon boʻlib, uning qobigʻini yorib, yuzaga chiqqan. Qaynoq lava tarkibida kremniy dioksidi boʻlganida, u tezda qotib, tosh kabi qattiq shisha hosil boʻlgan. Vulqon shishasi obsidian deb ataladi. Inson qadim zamonlardan beri shisha ishlab chiqaradi. Misrliklar 5000 yildan koʻproq vaqt oldin rangli shisha yasash usulini bilgan va u bilan tosh, idish-tovoq qoplangan, baʼzan munchoqlar yasalgan. Atir va malhamlar uchun shishadan yasalgan idishlar Misrda 3500 yildan koʻproq vaqt oldin ishlatilgan.
Rim imperiyasi davri (miloddan avvalgi I asr — milodiy V asr) shisha tarixidagi eng buyuk davrlardan biri boʻlgan. Aynan shu vaqtda odam shishani puflashni va shisha buyumlarga shakl, oʻlcham berishni oʻzlashtirgan. Albatta, bugungi kunda shisha ishlab chiqarishning koʻplab yangi usullari mavjud. Ammo bu asosiy jarayon. Shisha uchun kerakli xomashyo shisha fabrikasiga yetkaziladi va ulkan idishlarda topʻlanadi. Moddalar aniqlik bilan oʻlchanadi, dozalanadi va aralashtiriladi. Erishni tezlashtirish uchun aralashmaga ishlab chiqariladiganga oʻxshash shisha siniqlari qoʻshiladi. Aralashma avtomatik ravishda pechga uzatiladi. Keyinchalik sovutish uchun shisha pechdan oqib chiqadi. Soʻngra u olinadigan shisha turiga qarab puflash, presslash, chigʻirlash, quyish va gul solish (naqshlash) kabi koʻplab ishlov berish jarayonlaridan oʻtadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.