O‘simliklar qayerdan paydo bo‘lgan?

Zamonaviy ilmiy nazariyalarda taʼkidlanishicha, Yerda oʻsimlik yoki hayotning boshqa turlari umuman boʻlmagan vaqt boʻlgan. Keyinchalik yuz millionlab yillar avval hali aniqlanmagan sabablarga koʻra sayyoramizda protoplazmaning birinchi zarrachalari paydo boʻlgan. Biologlar tomonidan oʻsimliklarda ham, hayvonlarda ham topilgan birlamchi tirik materiya protoplazma deb ataladi. Olimlarning fikriga koʻra, barcha tirik organizmlar shu mayda zarrachalardan paydo boʻlgan. Protoplazma asta-sekin oʻsimliklarga aylanib, qalin tashqi qoplamalar yaratishni va butun hayotini bir joyda harakatsiz oʻtkazishni oʻrgangan.

Bundan tashqari, u ilk bor butun Yer yuzidagi barcha hayot uchun muhim boʻlgan yashil modda — xlorofillni ishlab chiqargan. Xlorofillning oʻziga xos xususiyatlari oʻsimliklarga zarur boʻlgan tarkibiy qismlarni havo va tuproqdan olib, oʻzi uchun ozuqa ishlab chiqarishiga imkon beradi. Birinchi yashil oʻsimliklar bir hujayrali boʻlgan, ammo keyinchalik ular koʻp hujayrali shakllarni ham vujudga keltirgan. Oʻsha vaqtda oʻzini qurishdan himoya qila olmagani uchun ular faqat suv havzalarida yashagan. Bu birinchi oʻsimliklarning aksariyati ancha oʻzgargan holatda boʻlsa ham bugungi kungacha saqlanib qolgan. Bu hammaga yaxshi tanish boʻlgan suvoʻtlardir. Oʻsimliklarning oʻzgacha guruhi boshqalar kabi rivojlanmay, xlorofill yordamisiz ozuqa olishni oʻrgangan. Bu yashil boʻlmagan oʻsimliklarga bakteriya va zamburugʻlarning katta qismi kiradi.

Zamonaviy oʻsimlik turlari asosan suv oʻtlaridan kelib chiqqan. Ularning bir qismi dengizdan quruqlikka chiqib va ildiz oʻsimtalarini rivojlantirib, tuproqqa joylashishga muvaffaq boʻlgan. Ular qurib qolishdan himoya qiluvchi yupqa poʻst bilan qoplangan, mayda yashil barglar hosil qilgan. Shu tarzda birinchi mox va qirqquloqlar paydo boʻlgan. Oʻsimliklarning barcha qadimiy shakllari oddiy boʻlinish yoʻli bilan yoki urugʻlar kabi ayni funksiyalarni bajaradigan sporalar (gulsiz oʻsimliklarning va baʼzi bir hujayrali jonivorlarning urchish aʼzosi), mayda changga oʻxshash zarralar yordamida koʻpaygan. Ularning asosiy farqi shundaki, sporalardan farqli oʻlaroq, urugʻlar ozuqaviy zaxiraga ega.

Vaqt oʻtishi bilan ayrim sporali oʻsimliklarda yangi aʼzo — gullar paydo boʻlgan va natijada yangi — urugʻlar yordamida koʻpayish usuli paydo boʻlgan. Urugʻlaydigan oʻsimliklarning ikki guruhi — ochiqurugʻli (ancha qadimgi) va yopiqurugʻlilar hosil boʻlgan. Ikkinchisining birinchisidan farqi shundaki, ularning urugʻi toʻliq meva himoya qobigʻiga oʻralgan. Bu oʻsimliklar sayyoramiz oʻsimlik dunyosi evolyutsiyasining eng yuqori bosqichiga aylandi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!