Kamalak ranglari nega muayyan tartibda joylashadi?

Biz odatdagi quyosh nurini oq deb ataymiz, chunki u bizga shunday ko‘rinadi. Aslida unda turli xil ranglar mavjud. Quyosh nuri oynaning qiyshiq qirrasiga, shisha prizma chetiga yoki sovun pufagi yuzasiga tushganida ranglarning butun to‘plamini ko‘rish mumkin. Ushbu holatlarning har birida oq nurlar to‘lqin uzunliklariga ko‘ra qizil, to‘q sariq, sariq, yashil, moviy, ko‘k va binafsharanglarga bo‘linishi sodir bo‘ladi. Natijada ko‘zimiz oldida turli xil rangdagi, parallel chiziqlardan iborat tasma paydo bo‘ladi va ularning chegaralarida bitta rang boshqasiga ravon o‘tadi. Bunday tasma spektr deb ataladi. Qizil chiziq har doim spektrning bir uchida, binafsha chiziq esa boshqa uchida joylashadi. Bu turli xil rangdagi nurlarning to‘lqin uzunligidagi farq bilan belgilanadi: u binafsha rangdan qizil ranggacha o‘sib boradi.

Aslida kamalak osmon bo‘ylab yoy kabi yozilgan spektrdir. Quyosh nuri suv tomchilari orqali o‘tayotganda sinadi, yaʼni ular shisha prizma orqali o‘tayotgani kabi tarkibiy qismlarga bo‘linadi. Tomchi ichida uning bir chetidan ikkinchisiga qadar cho‘zilgan, turli xil rangdagi chiziqlarni ko‘ramiz. Rangli nurlarning bir qismi tomchining orqa devorida aks etib, tashqariga chiqadi. Bu nurlar rangiga ko‘ra, aniqrog‘i, bizga maʼlum bo‘lganidek, to‘lqin uzunligiga ko‘ra turli burchaklarda aks etadi.

Shuning uchun, kamalakka qaraganda uning tepasida har doim qizil, pastki qismida esa binafsharangni ko‘ramiz. Kamalakni faqat yozgi yomg‘ir paytida — bir vaqtning o‘zida yomg‘ir yog‘ib, quyosh nur sochib turganida kuzatish mumkin. Uni ko‘rish uchun yomg‘ir va orqadan nur sochayotgan quyosh o‘rtasida bo‘lish kerak. Bundan tashqari, quyosh, ko‘z va ko‘p rangli yoyning markaziy nuqtasi bitta to‘g‘ri chiziqda joylashgan bo‘lishi lozim.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!