20.02.2024
Odamlar “begona oʻt” deb foydasiz oʻsimlikni nazarda tutadi. Biroq tabiat nuqtayi nazaridan, barcha oʻsimliklar bir xilda foyda keltiradi. Odamlar faqat oʻzi uchun qimmatli xususiyatlarga ega boʻlganini tanlab oʻstirib, ekin maydoni va polizlarda oʻsadigan qolgan barchasini begona oʻtlar deb atashi esa boshqa masala. Begona oʻtlar keltiradigan zarar turlicha boʻlishi mumkin. Ulardan baʼzilari oʻtloqlarda oʻtlayotgan sigir va otlar uchun zaharli hisoblanadi. Boshqalari esa quyosh nuri, namlik va tuproqdagi ozuqa moddalarini olib, zarur ekinlarga zarar yetkazadi. Yana birlari esa parazit va kasallik manbai boʻlib xizmat qiladi yoki ekinlarga zarar yetkazadigan hasharotlarni jalb qiladi.
Begona oʻtlar bilan kurashish qanchalik qiyin ekanligi maʼlum: har yili ularni qaytadan oʻtoq qilish kerak. Bu begona oʻtlarning tarqalish usullari juda xilma-xil va inson tomonidan ularni nazorat qilish qiyinchilik keltirib chiqaradi. Begona oʻtlarning maʼlum bir qismi bir joydan ikkinchi joyga chorva ozuqasi, chang, axlat yoki goʻng bilan birga oʻtadi. Biroq juda koʻp qiyinchilik va muammolarni keltirib chiqaradigan oʻtlarning koʻpchiligi odamlarning beparvoligi yoki pala-partishligiga muhtoj emas. Ular tarqalish va koʻpayish uchun yetarlicha oʻz vositalariga ega.
Masalan, sovunoʻt, ituzum, zarpechak kabi koʻplab begona oʻtlar shu qadar katta miqdorda urugʻ hosil qiladiki, ularning bir qismi deyarli har qanday sharoitda omon qoladi. Boshqa begona oʻtlarning urugʻ, mevalarida tuk yoki qanotlar shaklida oʻsiqlar bor. Ularning yordamida urugʻlar shamol bilan anchagina masofani bosib oʻtishga muvaffaq boʻladi. Shovul va qoqioʻt shu tarzda tarqaladi. Urugʻ, mevalarida tuklar oʻrniga hayvonlarning juni yoki odamlarning kiyimiga yopishadigan tikan, mayda ilgaklar oʻsadigan begona oʻtlar ham bor. Hammaga maʼlum qushqoʻnmas shu usuldan foydalanadi.
Biroq eng chapdast begona oʻtlar umuman urugʻ yordamida tarqalmaydi. Ular tarvaqaylab ketadigan yerosti poyalarini oʻstiradi va biz yer ustida koʻradigan qismi shunchaki kichik, vertikal novdalardir. Agar yerosti poyasi chopib tashlansa, unda bu novda nobud boʻlish oʻrniga shunchaki alohida oʻsimlikka aylanadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.