Umurtqalilar nima?
Umurtqalilar evolyutsiyasi haqida batafsil ma'lumot.
2 min
Hayvonot olami

Sizningcha, chumchuq, akula, piton, qurbaqa, it va odamni birlashtiradigan umumiy narsa bormi? Agar ushbu savolga “Ha, bor” deb javob bergan boʻlsangiz — siz haqsiz, chunki yuqoridagi barcha mavjudotlarning umumiy xususiyati bor. Bu ularning barchasida umurtqa pogʻonasi borligidir. Umurtqa pogʻonasi butun suyak emas, balki ketma-ket bogʻlangan, kichik suyaklar — umurtqalarning choʻzilgan zanjiri. Uning mavjudligi yoki yoʻqligi shu qadar muhim holatki, umurtqa pogʻonasiga ega barcha hayvonlar olimlar tomonidan umurtqali hayvonlarning maxsus turiga ajratilib koʻrsatiladi. Qolgan mollyuska, hasharot, qurt kabi boshqa jonzotlar —umurtqasizlarga mansub.

Haqiqiy umurtqali hayvonlarda umurtqa pogʻonasining bir uchiga boʻsh suyak qutisiga oʻxshash kalla suyagi birikadi. Unda hayvonning miyasi boʻladi va mazkur miyaga umurtqa pogʻonasi boʻylab umurtqa suyaklaridagi chuqurliklar orqali yashirin holda qalin nerv tutamlari oʻtadi. Ushbu tutamlar orqa miyani hosil qiladi. Orqa miyaga har tomondan uchlari umurtqali hayvon tanasining har bir qismida joylashgan, ingichka nervlar kelib qoʻshiladi.

Umurtqali hayvonlarning yana bir oʻziga xos xususiyati — organizmning har bir hujayrasiga yetib borib, ularni ozuqa moddalari va kislorod bilan taʼminlaydigan, tomirlarni birlashtiradigan qon aylanish tizimining mavjudligi. Mayda tomirlar birlashib, kattaroqlari vena va arteriyalarni hosil qiladi, ularning asosiylari esa qon aylanish tizimining markazi — yurakka boradi. Umurtqali hayvonlar boshqa hayvonlardan skeletdan tashqari mushak va paylardan iborat, yaxshi rivojlangan tayanch-harakat tizimi bilan ham ajralib turadi. Umurtqa pogʻonasiga qoʻl-oyoqlarni ushlab turadigan suyaklar va qovurgʻalar ham biriktirilgan.

Umurtqali hayvonlarning qoʻl-oyogʻi soni hech qachon toʻrttadan oshmaydi, ilon kabi baʼzi hayvonlarda esa ular umuman yoʻq. Bu qoʻl-oyoq turli xil koʻrinishga ega boʻlishi mumkin. Qushlardagi qoʻl-oyoqning bir jufti evolyutsiya jarayonida qanotlarga, odamlarda qoʻlga, ikkinchi jufti esa oyoqqa aylangan. Umurtqalilarning tipik vakillari dumga ega. Biroq ularning ayrimlari rivojlanish jarayonida qoʻl-oyogʻini yoʻqotganidek, inson dastlabki bosqichlardayoq dumini yoʻqotgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!