Tosh davrida nimalar sodir bo‘lgan?
Tosh davri xususiyatlari.
2 min
Tarix

Tosh davri bu — inson tomonidan yozuv ixtirosi bilan yakunlangan, tarixdan ilgarigi zamonga tegishli bo‘lgan, davomli davr. Odamzod Yer yuzida kamida 500 000 yildan beri yashaydi, ammo birinchi yozuv atigi 5000 yil oldin paydo bo‘lgan. Boshqacha qilib aytganda, tarixdan ilgarigi davr ancha uzoq davom etgan. Aynan o‘sha paytda odam har xil qurollar yasashni o‘rgangani tufayli bu davr “tosh davri” deb nomlanadi. U qadimgi tosh davri (paleolit), o‘rta tosh davri (mezolit) va yangi tosh davri (neolit) ga bo‘linadi.

Ehtimol, o‘sha paytda inson tomonidan yaratilgan birinchi qurol bu — olimlar “qo‘lbolta” nomini bergan, butun perimetri bo‘ylab qirrasi o‘tkirlangan katta tosh bo‘lsa kerak. Toshdan sindirib olingan o‘tkir parchalar ham odamlar tomonidan qurol sifatida ishlatilgan. Ko‘p ming yillar davomida odamning deyarli yagona quroli shu ko‘rinishda bo‘lgan.

Keyinchalik, muzlik davrida Yevropada o‘tmishdoshlariga qaraganda yaxshiroq asboblarga ega bo‘lgan odamlar — neandertallar paydo bo‘lgan. Ular ham ovchilik bilan tirikchilik qilgan, ammo buni endi yolg‘iz emas, balki guruh bo‘lib bajargan. Neandertallar o‘rniga yanada taraqqiy etgan kromanyonlar paydo bo‘lgan. Ular yangi ov va mehnat qurollari — garpun, toshpichoq, nayza uchlari, kurak yaratishni o‘rgangan.

Taxminan 6000 yil oldin odamlar hayotini butunlay o‘zgartirgan keskin burilish yuz bergan. Ular endi don yetishtirishni o‘rgangan. Shu tarzda yangi tosh davri — neolit kelgan. Odam chorvachilik bilan shug‘ullana boshlagan, uy hayvonlari terisini kiyim sifatida ishlatgan, uylar qurgan. Tez orada u tabiatda mavjud bo‘lmagan yangi buyum va narsalarni yarata boshlagan. Loydan idish yasashni, zig‘irpoya tolasi va junni yigirishni o‘rgangan. Odamlar birgalikda mehnat qila boshlagan, asta-sekin hozirgi qishloq va shaharlarning o‘tmishdoshi bo‘lgan, birinchi aholi manzilgohlari paydo bo‘lgan. Biz hozir sivilizatsiya deb ataydigan narsa ana shunday paydo bo‘la boshlagan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!