Lishaynik nima?

Lishaynik — ildiz, barg va gullari boʻlmagan oʻsimlik. Shunday boʻlsa-da, baʼzilari juda jozibali koʻrinishga ega. Lishayniklarning rangi turlicha — och kulrang yoki oqishdan och yashilgacha boʻladi. Lishayniklar sayyoramizning deyarli hamma joyida oʻsadi va ularning 16 000 ga yaqin turi bor. Ularni quyosh jizgʻanak qiladigan choʻllarda ham, Antarktidaning yalangʻoch qoyalarida ham topish mumkin. Lishayniklar tashlandiq yer, tosh, unumsiz tuproq, nobud boʻlgan daraxt, daraxt qobigʻi kabi har qanday sharoitda yashashga moslasha oladi. Ular na issiq, na sovuq, na namlik, na quruq iqlimdan qoʻrqadi. Ular uchramaydigan yagona joy bu — shaharlar: zararli chang, zavod quvurlaridan buruqsagan tutun va shahar hayotining boshqa “goʻzalliklari” ular uchun halokat.

Aslida har qanday lishaynik bir emas, balki bitta tirik organizmni tashkil qiladigan ikkita oʻsimlikdir. Bu oʻsimliklardan biri — zamburugʻ, ikkinchisi esa — suvoʻt. Lishaynikning katta qismi ipsimon, kulrang zamburugʻ boʻlib, uning tolalari orasida suvoʻtning yashil hujayralari joylashgan. Yashil oʻsimlik boʻlgan suvoʻt oʻzi uchun oziq-ovqat ishlab chiqarishi mumkin, ammo yashil boʻlmagan zamburugʻ buni bajara olmaydi. Shuning uchun lishaynikning “zamburugʻ” qismi suvoʻti hisobidan oziqlanadi, u esa noqulay sharoitlarda oʻziga boshpana ham boʻladigan zamburugʻ tomonidan, atrof-muhitdan soʻrib olinadigan namlikdan foydalanadi. Tirik organizmlar oʻrtasida bir-birining kuchli tomonidan foydalaniladigan bunday manfaatli munosabatlar simbioz deb ataladi va bu yunoncha “birgalikdagi hayot” degan maʼnoni anglatadi.

Lishayniklar juda sekin oʻsadi, lekin uzoq vaqt yashaydi. Olimlarga maʼlum boʻlgan lishaynik koloniyalarining baʼzilari taxminan ikki ming yildan beri mavjud. Lishayniklarning ayrim turlari sporalar orqali koʻpayadi. Biroq koʻpchiligi buni yangi yashash joyiga shamol yoki hayvonlar tomonidan olib boriladigan voyaga yetgan oʻsimlikning kichik qismi yoki ona poyasidan osongina uzilib tushadigan, maxsus novdachalar yordamida amalga oshiradi. Lishayniklar mutlaqo yalangʻoch qoyalarda, oʻsimliklar orasida birinchi boʻlib paydo boʻladi. Keyin juda sekin, ammo muqarrar ravishda toshning sirt qatlamini parchalab, uni tosh changiga aylantirishni boshlaydi. Bu chang esa oʻlik va chiriyotgan lishayniklar bilan birgalikda boshqa oʻsimliklar unib chiqishi uchun qulay muhit boʻladigan tuproqning birinchi yupqa qatlamini hosil qiladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!