20.02.2024
Koinotning istalgan joyida qandaydir bir joyni egallagan har qanday narsa materiya deb ataladi. Materiyaning uch holati mavjud: qattiq, suyuq va gazsimon. Shuningdek, u organik va noorganik materiyalarga ham bo‘linadi. O‘simlik, hayvon, odamlar jonli materiyaning namunalaridir. Yog‘och, paxta va jundan tayyorlangan kiyimlar, grechixa yormasi ham unga tegishli, chunki ular bir vaqtlar qaysidir jonli mavjudotlarning bir qismi bo‘lgan. Qolgan hamma narsa: temir, mis, shisha, suv, havo va boshqalar — noorganik moddalar.
Shakli yoki holatidan qat’iy nazar, har qanday materiya atomlardan iborat. O‘z navbatida atomlar tarkibida markaziy yadro va uning atrofida aylanadigan elektronlar mavjud. Elektronlar bu — doimiy harakatda bo‘lgan kichik elektr zarralari. Atomlar shu qadar kichik bo‘lib, ularning o‘lchamlarini tasavvur qilish qiyin bo‘lsa-da, yadro va elektronlar o‘rtasida anchagina bo‘sh joy mavjud. Hajmi bo‘yicha u atomni tashkil etgan zarrachalarning umumiy hajmidan ancha katta.
Demak, aslida materiya bo‘shliqdan iborat. Bu odam yoki g‘isht devor ekani muhim emas. Agar sizdagi barcha bo‘sh joy olib tashlanib, faqat eng qattiq asos qoldirilsa, unda o‘lchamingiz mayda tabletkadek kichik bo‘lar edi. Barcha atomlar bir xil bo‘lganda, dunyoda faqat bitta turdagi materiya mavjud bo‘lar edi. Biroq ularning yuzdan ortiq turi bo‘lib, ularning har biri boshqalaridan mustaqil ravishda element deb ataladigan eng oddiy materiyani hosil qiladi. Sof shakldagi oltin, temir, yod, kislorod, mis alohida elementlardir.
Bir-biri bilan kuchli bog‘langan turli atomlarning birikmalaridan yaralgan materiya modda deb ataladi. Moddaning eng kichik zarrasi molekula deyiladi. Atom va molekulalar bir-biriga qanchalik yaqin bo‘lsa, bu turdagi materiya shunchalik zich bo‘ladi. Materiya qanchalik zich bo‘lsa, u shunchalik og‘ir bo‘ladi. Shuning uchun, masalan, oltin yog‘ochdan og‘irroq. Materiya bir holatdan (qattiq, suyuq yoki gazsimon) boshqasiga o‘tishi mumkin. Uni butunlay yo‘q qilib bo‘lmaydi, lekin uni energiyaga aylantirish mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.